Toshkent viloyatida oʻzini IIO xodimi deb fuqarodan pul undirgan shaxslar qoʻlga olindi

    Joriy yil noyabr oyida Chirchiq shahrida ikki nafar shaxs fuqaro (R.H.)ga oʻzlarini IIO xodimi sifatida tanishtirib, uni jinoyatda ayblash hamda ish joyiga xabar berish bilan qoʻrqitib, yashash xonadoniga bostirib kirgan va undan pul talab qilgan.

    Bu haqda TOshkent viloyati IIBB axborot xizmati xabar qildi.

    Qayd etilishicha, soxta xodimlar jabrlanuvchidan bank kartasi orqali dastlab 2,5 mln soʻm va mobil telefonini olib, keyinchalik uni qaytarish evaziga 200 AQSH dollari olishga erishgan. Shundan soʻng telefonidagi shaxsiy videolarni tarqatish bilan tahdid qilib, yana 20 mln soʻm talab qilib kelgan.

    Oʻtkazilgan tezkor tadbir natijasida 2003-yilda tugʻilgan ikki shaxs (B.Sh. va M.U.) jabrlanuvchidan oldindan kelishilgan 10 mln soʻmni olayotgan vaqtida IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi viloyat boshqarmasi hamda tezkor xodimlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Surishtiruv davomida ularning huquqni muhofaza qiluvchi organlarga aloqasi yoʻqligi aniqlandi.

    Mazkur holat yuzasidan Chirchiq shahar ichki ishlar boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchilarga nisbatan «qamoq« ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

    Shuningdek, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash doirasida Yuqori Chirchiq tumanida pul tikish asosida “xoʻroz urishtirish” oʻyinlarini tashkil etgan shaxslar aniqlanib, voqea joyidan 9 dona jangari xoʻroz, pul mablagʻlari va elektron taymer ashyoviy dalil sifatida olindi. Oʻyinga pul tikkan 130 nafar shaxsga maʼmuriy chora koʻrilgan boʻlsa, oʻyinlarni tashkil etgan 3 nafar shaxsga nisbatan JKning 278-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchilar protsessual tartibda «qamoq«qa olindi.

    Eslatib oʻtamiz, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish yetti yilgacha, tovlamachilik jinoyati sodir qilganlar esa 15-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.