Qarz evaziga berilgan pullardan foiz sifatida 1000 AQSH dollarini tovlamachilik yoʻli bilan talab qilgan jinoiy guruh qoʻlga olindi. Tezkor tadbir Toshkent viloyati IIBB Tezkor-qidiruv xizmati va DXX xodimlari tomonidan oʻtkazilgan.
Maʼlum qilinishicha, Toshkent viloyati, Oqqoʻrgʻon tumanida yashovchi fuqaro 2022-yil mart oyida “Imperator” laqabi bilan tanilgan shaxsdan 2023-yil aprel oyida qaytarish sharti bilan 3800 AQSH dollari miqdorida qarz olgan.
U pullarning 3600 AQSH dollarini qaytargan. Qolgan 200 AQSH dollarini qaytarish vaqtida esa unga muddatini oʻtkazib yuborilganligini aytishadi. “Imperator” buni “Koʻcha yechimi bilan hal etish”ini aytib qoʻrqitib, ushbu pullarga yana 1000 AQSH dollari qoʻshib berishini talab qilgan.
Chorasiz qolgan qarzdor Ichki ishlar orgnalariga murojaat qilib, ushbu shaxslarga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.
17-aprel kuni, Toshkent viloyati IIBB TQX va DXX xodimlari bilan xamkorlikda oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida muqaddam 6 marotaba sudlangan jinoiy guruh yetakchisi va uning 6 nafar aʼzolari qoʻlga olindi.
Jinoiy guruh ariza muallifidan yuqoridagi pullarni olayotgan vaqtda daliliy ashyolar bilan ushlanib, 7 nafar shaxs JPKning 221-moddasi tartibida qamoqqa olingan.