Shu munosabat bilan Toshkent viloyatida bo'lib o'tgan tadbirlar muhim adabiy jarayonlarga boy bo'ldi. Kun avvalida ijodkorlar guruhlarga bo'lingan holda viloyatning so'lim Parkent va Yuqori Chirchiq tumanlariga jo'nab ketdi.

Qoraqalpoq adabiyoti kunlari doirasida ijodiy guruh a'zolari ishtirokida Parkent tumanidagi 29-sonli Bolalar musiqa va san'at maktabida hamda Yuqori Chirchiq tumanidagi Millatlar do'stligi madaniyat saroyida adabiy uchrashuvlar o'tkazildi, dilbar kuy-qo'shiqlar yangradi.

Shundan so'ng mehmonlar Zarkent qishlog'i hududidagi bepoyon uzumzorlarga sayohat qildi.

Qoraqalpoq ijodkorlariga “Parkent” ijod uyida tushlik dasturxoni yozildi. Bundan tashqari, delegatsiya a'zolari zamonaviy ijod uyining imkoniyatlari hamda u yerda qalamkashlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Kunning ikkinchi yarmida Chirchiq davlat pedagogika universitetida tashkil etilgan yakuniy tadbirlar unutilmas taassurotlarga boy bo'ldi. Tadbirlar doirasida taniqli qoraqalpoq adibi Sharap Usnatdinov tavalludining 80 yilligiga bag'ishlangan ijodiy anjuman ham ko'tarinki ruhda bo'lib o'tdi, deb xabar beradi Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati.