Toshkent viloyatida qoʻshni davlatlar vakillari ishtirokida forum oʻtkazildi

    Turizm 28 Mart 2024 777

    Parkent tumaniga Tojikiston Respublikasining Soʻgʻd hamda Qirgʻiziston Respublikasining Oʻsh viloyatlari turizm sohasi rasmiylari, tadbirkorlik subyektlari, OAV vakillari tashrif buyurdi.

    Dastlab, Parkent tumanida joylashgan “Edelweiss” mehmonxonasida uchrashuv tashkil etilib, Toshkent viloyatining turizm salohiyati tanishtirildi.

    Forum doirasida tashkil etilgan B2B uchrashuvlarida turizm sohasida doimiy va davomiy hamkorlik qilish boʻyicha tadbir ishtirokchilari oʻrtasida shartnoma va hamkorlik memorandumlari imzolandi. Shundan soʻng, Parkent tumanida infoturlar tashkil etildi.

    Mehmonlar Kumushkon MFYda joylashgan “Hazrat Ali” ziyoratgohiga tashrif buyurdi. U yerda ularga ziyoratgoh tarixi hamda sayyohlar oqimi toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot berilib, oilaviy mehmon uyalariga ekskursiya uyushtirildi. Soʻngra, mehmonlar Parkent tumanida joylashgan, Oʻrta Osiyoda yagona boʻlgan “Quyosh Fizika instituti”dagi ilmiy laboratoriya faoliyatini koʻzdan kechirib, mazkur laboratoriyaning yurtimiz iqtisodiyotiga qoʻshayotgan hissasi haqida tushunchalarga ega boʻldilar, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.