Toshkent viloyati IIBB YHXB Axborot xizmati xabar berishicha, IIBB YHXBga Qibray tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Gʻ.S. murojaat qilib, uzoq yillar trasnport vositasini uyida saqlab, ilgari fuqaroligi boʻlmagani, shu sabab fuqaroligi yoʻq shaxslarga beriladigan davlat raqam belgisini olgani, hozirda esa Oʻzbekiston fuqaroligi berilgani sabab transport vositasining qayd etish guvohnomasini almashtirib, boshqa davlat raqam belgisi berishni soʻragan.

Ushbu transport vositasiga tegishli maʼlumotlarni va transport vositasi agregat raqamlarini Chirchiq shahrida joylashgan 2-sonli ROʻvaIOB inspektori, katta serjant M.Xolmedov Oʻzbekiston Respublikasi IIVning Yagona avtomatlashtirilgan hisob tizimidan tekshirganida avtomobil 2000-yil 12-mart kuni Rossiyaning Orenburg viloyatidan olib qochilgani hamda qidiruvda ekani aniqlandi.

Xuddi shunga oʻxshash voqea Toshkent tumanida yashovchi fuqaro I.A. bilan ham sodir boʻldi. U yaxshi niyatlar bilan “GAZ-330202” rusumli transport vositasini sotib oladi. Rasmiylashtirish uchun DYHXXga olib kelganida uning agregat raqami Oʻzbekiston Respublikasi IIVning Yagona avtomatlashtirilgan hisob tizimidan tekshiriladi. Tekshiruv ushbu transport vositasi 2011-yildan buyon qidiruvda ekani, uni nomaʼlum shaxslar Rossiyadan olib qochgani maʼlum boʻladi.

Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, transport vositalarining agregat qismlarini sotuvchiga pulni berishdan avval tekshirtirish har tomonlama foydali ekan. Buni hamma bilishi shart.