Toshkent viloyatida “Yagona buyurtmachi xizmati” bosh yuriskonsulti firibgarlikda gumonlanib ushlandi

    U prokuratura kamomad aniqlagan korxona mansabdorlaridan taftish tekshiruvi natijalarini ijobiy hal qilib berish evaziga firibgarlik bilan 8400 dollar talab qilgani aytilmoqda.

    Toshkent viloyatida “Yagona buyurtmachi xizmati” davlat muassasi bosh yuriskonsultiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi, deya xabar qildi DXX.

    2024-yilning dekabr oyida Toshkent viloyatining Bekobod tumanida foydalanishga topshirilgan yangi maktabgacha taʼlim tashkiloti binosi boʻyicha prokuratura tomonidan qurilishga oid tekshiruv ishlari olib borilganda, 176 mln soʻmlik kamomad aniqlanadi va qurilishni amalga oshirgan MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi (Oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hujjatli taftish tekshiruvi tayinlanadi.

    Bundan boxabar boʻlgan, Toshkent viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” davlat muassasasi bosh yuriskonsulti oʻzining mansabdor tanishlari orqali taftish tekshiruvi natijalarini ijobiy hal qilib berish evaziga MCHJ rahbaridan 8400 AQSH dollari talab qiladi.

    Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda bosh yuristkonsult kelishilgan pul mablagʻini olgan vaqtida ushlandi.

    Unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (Xizmat mavqeidan foydalangan holda firibgarlik qilish) va 28, 211-moddasi 1-qismi (Pora berishda ishtirok) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.