Toshkent viloyatida “Yashil jamoat parklari” tashkil etiladi

    Yashil sayyora 9 Fevral 2022 3504

    Viloyat hududlarini obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish maqsadida 2022-yilning bahor mavsumida 10 million 142 ming mevali, manzarali daraxt va buta koʻchatlari, qalamchalar ekish belgilangan.

    Mazkur ishlar uchun viloyatning mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 1 milliard 636 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirilyapti.

    Hududning iqlim sharoiti va yer unumdorligidan kelib chiqib, qurgʻoqchilikka chidamli daraxt koʻchatlari ekilishi reja qilinyapti. Oʻz navbatida 2021-yil kuz mavsumida ekilgan daraxtlarning 90 foizi natija berishi kutiladi.

    Muhimi, ekilgan koʻchatlarni sogʻlom oʻsishini taʼminlash maqsadida ularning parvarishlashga alohida eʼtibor qaratilyapti. Xususan, yashil maydonlarni sugʻorish uchun 530 kilometr uzunlikdagi irrigatsiya tizimi talab etilgan boʻlib, shundan 225 kilometr qismi yangidan quriladigan va 135 kilometr taʼmirlanadigan irrigatsiya tarmoqlari hisoblanadi.

    Shu bilan birga, sugʻorish tizimi uchun talab etiladigan 176 ta quduqlardan 45 tasi yangidan quriladigan va 24 tasi taʼmirlanishi boʻyicha vazifalar belgilandi.

    Joylarda 241 kilometr qoʻshimcha ariqlar qazilishi, 118 kilometr uzunlikdagi tomchilatib sugʻorish tizimi joriy etiladi. Maxsus nasoslarni oʻrnatish orqali ekilgan daraxt koʻchatlarini sugʻorish yoʻlga qoʻyiladi.

    Belgilangan rejadan tashqari, viloyatning shahar-tumanlarida koʻchat ekilishi mumkin boʻlgan 205 gektar boʻsh yer maydonlari aniqlandi. Ushbu maydonlarga sugʻorish tizimini yoʻlga qoʻygan holda 128 ming dona daraxt ekish orqali koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirish rejalashtirildi.

    Shuningdek, “Yashil bogʻlar”ni barpo etish boʻyicha 2022-2024-yillarda qiymati 5 milliard 920 million soʻmlik 116,6 gektar yer maydonida tashkil etiladi.

    Xususan, mazkur yillarda 66 gektardan ziyod maydonda “Yashil jamoat parklari”ni tashkil etilish boʻyicha aniq rejalar belgilab olindi.

    Buning uchun maxsus texnikalar ham jalb etilgan, deb xabar beradi Toshkent viloyat hokimligi matbuot xizmati.