Toshkent viloyatidagi 3 ta AYOQSHda sifatsiz AI-92 avtobenzini sotildi

    Mazkur AYOQSHlarning birja savdolarida ishtirok etishi vaqtincha toʻxtatildi.

    Aholini sifatli neft mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash chora-tadbirlari yuzasidan “Oʻzenergoinspeksiya” tomonidan oʻtkazilayotgan nazorat tadbirlarida AYOQSHlarda qoidabuzarlik holatlari aniqlanmoqda.

    Xususan, Toshkent viloyatida joylashgan “D.K.L.”, “B.O.” va “N.G.O.” MCHJlarga qarashli 3 ta avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchasida sotilayotgan avtobenzindan namuna olinib, laboratoriya tahlillaridan oʻtkazilganda AI-92-markali avtobenzin davlat standart talablariga mos kelmasligi (sifatsiz) maʼlum boʻldi.

    Mazkur holatlar yuzasidan qoidabuzarlikka yoʻl qoʻygan ushbu AYOQSHlarda birja savdolarida ishtirok etishi vaqtincha toʻxtatildi.