Toshkent viloyatidagi eng katta muzlik shiddat bilan erimoqda

    Muzlik bir yil ichida 20 metr ortga chekinib, muz tili 3 metrgacha erib tugagan.

    Gidrometeorologiya ilmiy tadqiqot instituti, Germaniya er tadqiqotlari ilmiy markazi hamda YAshil Markaziy Osiyo tashabbusi loyihalari asosida Toshkent viloyatidagi eng katta muzlik Paxtakor muzligiga navbatdagi ekspeditsiya amalga oshirildi. Bu haqida Gidrometeorologiya ilmiy tadqiqot instituti xabar bermoqda.

    Ta'kidlanishicha, O'zbekiston Respublikasining g'arbiy qismida joylashgan Paxtakor muzligini o'rganish 2023 yilda yo'lga qo'yilgandi.

    Paxtakor muzligi O'zbekistonning sharqiy qismida, Qirg'iziston va Qozog'iston chegaralariga juda yaqin joylashgan. ekspeditsiyasining asosiy maqsadi Paxtakor muzligining massa balansini aniqlashdan iborat.

    2023 yilda olib borilgan ekspeditsiyada quyidagi vazifalarni bajargandi:

    Ablatsiya qoziqlarini burg'ilash: Muzning erishi va to'planishini kuzatish uchun muzliklarga ablyatsion qoziqlar burg'ulandi, bu esa massa balansini hisoblash uchun muhim ma'lumotlarni taqdim etadi.

    Avtomatik ob-havo stantsiyasi: Harorat, nisbiy namlik, atmosfera bosimi, yog'ingarchilik va shamol tezligi/yo'nalishi kabi meteorologik sharoitlarni doimiy ravishda kuzatib borish uchun avtomatik ob-havo stantsiyasi o'rnatildi.

    Differentsial GPS o'lchovlari: GPS o'lchovlari kelgusi yillardagi muzlik konturlari va geografik xususiyatlaridagi o'zgarishlarini kuzatishga alohida e'tibor qaratib, kelajakda taqqoslash uchun asosiy ma'lumotlar to'plamini yaratish uchun to'plangan.

    2024 yil 1-6 avgust kunlari ekspeditsiyaning 2-bosqichi amalga oshirildi. Joriy yildagi ekspeditsiya 2023 yildagidan farqli tomoni Toshkent shahridan Oygain qor ko'chki stantsiyasi(QKS)ga qadar avtotransportda, Oygain QKS dan Paxtakor muzligiga qadar ekspeditsiya jamoasi tomonidan oyoqda bosib o'tildi. Yo'lning murakkabligi sababli taxminan 35 km masofa 2 sutkada bosib o'tildi.

    Joriy yilda ham Ablatsiya qoziqlarini burg'ulash, Differentsial GPS o'lchovlari ishlari bajarilib, 1 yil davomida muzlikning Ablatsiya qismi yuzasi 3 metr erigani, muz tilining 20 metr chekingani aniqlandi. Meteorologik stantsiyada 1 yil davomida kuzatilgan iqlimiy ma'lumotlar yuklab olindi, bu esa kelgusi tahlillar uchun juda muhim hisoblanadi.