Toshkent viloyatidan Rossiyaga 5 mingdan ortiq ishchi yuboriladi

    O'rtacha oylik ish haqi 50—70 ming rublni tashkil etishi qayd etildi.

    Toshkent viloyati Kambag'allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi hamda Rossiyaning Avtonom notijorat tashkiloti mintaqaviy kadrlar agentligi o'rtasida memorandum imzolandi. Bu haqida viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

    Liliya Baturskaya boshchiligida viloyatda mehmon bo'lgan Nijniy Novgorod viloyati delegatsiyasi, avvalo, hududlardagi tashqi mehnat migratsiyasi sohasida qilinayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

    Toshkent viloyatidagi o'quv markazlarida mehnat migrantlarining Rossiyada qonuniy ishga joylashish bo'yicha huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan profilaktik tadbirlar, til o'rgatish kurslarida o'qish, rossiyalik ish beruvchilar talabiga binoan malaka oshirish, bir so'z bilan aytganda, fuqarolarni jo'nab ketishdan oldin keng qamrovli tayyorlash ishlari xususida tushuntirishlar berildi.

    Muzokaralar chog'ida viloyatda qishloq xo'jaligi, qurilish, ishlab chiqarish, xizmat ko'rsatish, dehqonchilik sohasida 5 mingdan ortiq ishchilar zarurligi, o'rtacha oylik ish haqi 50—70 ming rublni tashkil etishi ham qayd etildi.