Ma'lumki, 2022-yil 14-aprelda davlatimiz rahbarining “Prezident ta'lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog'ini kengaytirish to'g'risida”gi Farmoni e'lon qilingan edi.
Unga ko'ra, ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etishga yagona yondashuvni shakllantirish, ushbu maktablar tarmog'ini kengaytirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda ta'lim jarayoniga malakali rahbar va pedagog kadrlarni jalb qilish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash, o'qitish va tarbiyalash tizimini takomillashtirish belgilab berildi.
Farmonda, jumladan, Prezident ta'lim muassasalari agentligi tasarrufida viloyatning 13 ta tuman va shahrida 11 ta ixtisoslashtirilgan maktab (mukammal ta'mirlash) va 2 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internatni (yangidan qurish) tashkil etish topshirig'i berilgan edi.
Ixtisoslashtirilgan maktablarda qurilish-ta'mirlash, moddiy-texnik vositalar va o'quv xonalarni zamonaviy jihozlar bilan ta'minlash uchun mahalliy byudjet mablag'lari hisobidan 86 milliard 752 million so'm mablag' ajratildi.
Maxsus maktablarga o'qituvchilarni ishga qabul qilish jarayoni ochiq va shaffof tarzda amalga oshirilib, bugungi kunda 389 nafar pedagog bilan shartnomalar tuzildi.
Ta'kidlash joizki, ixtisolashtirilgan maktablarda matematika, informatika, fizika, kimyo, biologiya va chet tillari chuqur o'rgatiladi. Sinflarda o'quvchilar soni 20 nafarni tashkil etadi.
Bugun Bekobod shahrining Paxtakor mahallasi hududida, Parkent va Chinoz tumanlarida ochilgan mazkur maktablarda Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi deputatlari, nuroniylar, ta'lim sohasi faxriylari, ota-onalar hamda mahalla faollari ishtirok etdi.












