Qayd etilganidek, bugungi kunda Toshkent viloyatining bir qancha tuman va shaharlari, jumladan, viloyatning Angren va Bekobod shaharlari hamda Qibray va Piskent tumanlari boshqa tuman va shaharlarda joylashgan “anklav” hududlarga ega. Bu holatlar jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashning samarali tashkil etilishi, aholining ijtimoiy taʼminoti va davlat organlari bilan oʻzaro munosabatlarini amalga oshirishi, voyaga yetmaganlarning taʼlim jarayonini nazorat qilish hamda ularni tuman (shahar) darajasidagi ommaviy tadbirlarga jalb qilish va boshqa jarayonlarda muammolarning yuzaga kelishiga sabab boʻlmoqda.
Birgina misol, Bekobod tumanida joylashgan Istiqbol mahallasi fuqarolari, Bekobod shahar Yangi hayot mahalla hududida joylashgan maktabda taʼlim olishadi, davolanish uchun Bekobod shahrida joylashgan markaziy shifoxonaga borishadi, shuningdek, barcha kommunal yoʻnalishdagi xizmatlarni shahar tashkilotlari koʻrsatadi.
Bundan tashqari, Angren shahridagi “Krasnogorsk” qoʻrgʻonida fuqarolariga kommunal xizmat koʻrsatish, xususan, elektr taʼminoti, ichimlik suvi, gaz taʼminoti hamda bank xizmatlari Parkent tumani tomonidan amalga oshiriladi. “Krasnogorsk” qoʻrgʻoni fuqarolari davolanish uchun ham Parkent tumanida joylashgan markaziy shifoxonaga qatnaydi.
Bu esa, ushbu hududlar aholisi hayotida turli qiyinchiliklarning kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda.
Shu sababli, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda “Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga asosan Toshkent viloyatining yuqorida qayd etilgan tuman va shaharlari chegaralarini oʻzgartirish taklifi ilgari surilmoqda. Jami oʻzgartirilayotgan tuman va shaharlar chegaralarining yer maydoni 17 359,1 gektar boʻlib, shundan 10 084,8 gektari qishloq xoʻjaligi yerlaridir.
Natijada Toshkent viloyati maʼmuriy-hududiy birliklar chegaralarini tartibga solish anklav hududlarni tugatish hamda mahalliy davlat hokimliklari organlari tomonidan hudud boshqaruvini yana-da soddalashtirishga, qolaversa, maʼmuriy-hududiy birliklarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirilishiga olib keladi.
Shuningdek, Toshkent viloyati shaharlarini 2021–2030-yillarda rivojlantirish uchun zarur boʻlgan hududlarni belgilash, ushbu davrda investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yangi turar-joy massivlarini barpo etish orqali shaharlarning oʻsib borayotgan aholisi ehtiyojlarini qanoatlantirishga xizmat qiladi.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi, deya xabar beradi Oliy Majlis Senatining Axborot xizmati.