Toshkent viloyatining sanoat obyektlari oʻrganildi

    Mamlakatimizda 3 Iyun 2022 1284

    Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari O.Rustamov rahbarligidagi hamda mahalliy hokimliklar rahbarlaridan iborat ishchi guruh Toshkent viloyatidagi qator sanoat obyektlari faoliyatini batafsil oʻrganib chiqdi. Jumladan, Angren shahrining “Angren Kaolin” MCHJ va “Oʻzbekkoʻmir” OAJ misolida viloyatdagi sanoat obyektlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish istiqbollari oʻrganildi.

    Korxonalar rahbariyati, xodimlari va taʼsischilari bilan boʻlib oʻtgan suhbatda Toshkent viloyati ishlab chiqaruvchilari duch keladigan xususiy va tizimli tusga ega muammolar atroflicha muhokama qilindi hamda ularni tezkor hal qilish mexanizmlarini ishlab chiqildi. Shu bilan birga, boshqa choralar qatorida asosiy urgʻu korxonalarning sanoat kooperatsiyasini kengaytirish orqali ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahsulot turlarini kengaytirish va yangi ish oʻrinlarini yaratish imkoniyatlarini topishga berildi.

    Hududiy sanoatni kompleks rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Loyihalarni amalga oshirishga investitsiyalar jalb etishni jadallashtirish, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish hamda ichki va tashqi bozorga barqaror yetkazib berishni taʼminlash muhimligi taʼkidlandi.

    Angren shahrining mahalliy hokimiyat organlari rahbarlariga mahalliy import tarkibini har tomonlama tahlil qilish, xaridorgir tovarlarning aniq turlarini aniqlash boʻyicha topshiriqlar berildi. Hududning tabiiy ustunliklari va oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, istiqbolli loyiha takliflari ishlab chiqiladi. Soʻng ularni oʻrganish, takomillashtirish va amalga oshirish uchun “Loyiha guruhi”ga taqdim etish vazifasi ham qoʻyildi, deb xabar berdi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.