Toshkent viloyatining yana 13 hududida Prezident maktablari tashkil etiladi

    Ta'lim 10 May 2022 8353

    Toshkent viloyati hududida 13 ta taʼlim tashkilotlari Prezident taʼlim muassasalari Agentligi tizimiga ixtisoslashtiriladi.

    Angren shahridagi ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati, Bekobod shahridagi 19-sonli umumtaʼlim maktabi, Bekobod tuman kasb-hunarga oʻqitish markazi, Boʻka tumanidagi 1-sonli kasb-hunar maktabi, Oqqoʻrgʻon tumanidagi sobiq transport kasb-hunar kollej binosi, Quyi Chirchiq tumanidagi 1-sonli kasb-hunar maktabi, Chinoz tumanidagi xizmat koʻrsatish va servis texnikumi, Zangiota tumanidagi aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktab, Boʻstonliq tumani 54-sonli umumtaʼlim maktab, Parkent tumanida 1-sonli kasb-hunar maktabi, Oʻrta Chirchiq tumani 20-sonli umumtaʼlim maktablari shular jumlasidandir.

    Shuningdek, Ohangaron shahridagi “Yangi Ohangaron” dahasida 576 oʻrinli, Yangiyoʻl shahridagi “Oʻzbekiston” MFYda 504 oʻrinli yangi taʼlim muassasalari qurilib, Agentlik tizimida faoliyat yuritadi.

    Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, bugungi kunda viloyatda 55 ta, xususan, soʻnggi 2 yilda Prezidentning tegishli qarorlari asosida 45 ta, jumladan, 8 ta matematika, 1 ta fizika, 6 ta kimyo-biologiya, 9 ta informatika va AKT, 21 ta chet tiliga ixtisoslashgan maktablar tashkil etilgan.

    Oʻtgan oʻquv yilida mazkur maktablarni 4 210 nafar oʻquvchi 11-sinfni tamomlagan boʻlsa, shundan 50 foizga yaqini oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilingan. Xususan, Angren shahar ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 85,5 foiz oʻquvchilari, Oqqoʻrgʻon tumanidagi 49-sonli ixtisoslashgan maktabi bitiruvchilarining 83 foizi oliy taʼlimga oʻqishga qabul qilinganligini qayd etish mumkin, deb xabar beradi Toshkent viloyat hokimligi matbuot xizmati.