"Toshkent" xalqaro aeroportida avtomatlashtirilgan avtoturargoh ishga tushirildi

    Transport 25 Noyabr 2022 854

    Test rejimida Toshkent xalqaro aeroportining jo‘nab ketish terminali oldida O‘zbekistonda birinchi bo‘lib 333 ta avtoturargohga mo‘ljallangan to‘liq avtomatlashtirilgan avtoturargoh ishga tushirildi.

    Bu — inson aralashuvisiz ishlaydigan birinchi avtoturargoh.

    Avtoturargoh tizimi avtomobillarning davlat raqamlarini mustaqil ravishda eslab qoladi hamda kirish/chiqish va to‘lovlarni qabul qilish imkonini beradi. Haydovchilarga to'xtash joyi uchun to'lov amalga oshirishning ikki usuli taklif etiladi.

    Avtomashina raqamini avtomatik identifikatsiyalangan taqdirda, toʻxtash joyi uchun toʻlov maxsus avtoturargoh hisoblagichi orqali naqd pulda yoki QR kod yordamida amalga oshirilishi mumkin. Toʻlovni amalga oshirish uchun mashina raqami terminalga kiritiladi, shundan soʻng to'lov miqdori parkometr displeyida paydo bo'ladi.

    Agar mashinaning raqamini avtomatik ravishda aniqlash imkoni boʻlmasa, avtoturargohga kirishda oʻrnatilgan terminaldan maxsus chiptani olib, chiqishda ushbu chipta yordamida to'lov amalga oshirish lozim.

    – “Uzbekistan Airports” avtoturargohlarini rekonstruksiya qilish doirasida "K2" kompaniyasidan Yaponiyaning Amano brendidagi avtoturargoh uskunalari xarid qilindi va o‘rnatildi. To'liq integratsiyalashgan tizim butun jarayonni - kirish, chiqish va to'lovni avtomatlashtirish imkonini beradi.

    O‘zbekistonda bugungi kunda bunday yechimlar, ayniqsa, to‘lovdan so‘ng mijozga avtomatik ravishda qaytim beradigan tizimlar hozirda yo‘q. Hozirda tizim test rejimida ishlamoqda. Shu bilan birga, avtomobil raqamlarining qo‘shimcha shablonlarini qo‘shish, to‘lov usullarini to‘ldirish bo‘yicha ba’zi texnik nyuanslar yakunlanmoqda, shuningdek, avtomobil haydovchilarini yangi texnologiyalarga oʻrgatish ustida ham ish olib borilmoqda”, — dedi IT departament direktori Kirill Lavrik.

    Ayni paytda barcha yangi va eski banknotalar, qaytimni olish imkoniyati bilan, toʻlovga qabul qilinadi. Shu bilan birga, Payme toʻlov tizimi yordamida QR-kod orqali toʻlovni amalga oshirish mumkin. Yaqin vaqt ichida boshqa toʻlov tizimlari, shuningdek, Visa, Mastercard, Humo va UzCard bank kartalari orqali toʻlovlar amalga oshirish imkoniyati paydo boʻladi. Shuningdek, mobil ilova bilan avtoturargohning integratsiyalashuvi ham yakunlanmoqda, bu esa avtomobildan chiqmasdan to‘lovni amalga oshirish imkonini beradi.

    "Inson omilisiz ishlaydigan avtomatlashtirilgan avtoturargohning ishga tushirilishi nafaqat qulaylik va yangi texnologiyaalr, bugungi kunda ularsiz hech qanday soha rivojlana olmaydi, balki korrupsiya va poraxo‘rlikdan xalos bo‘lish imkonini beruvchi muhim qadamdir.

    Tizimning ikki kunlik ishlashi natijasida olingan ma'lumotlarga ko'ra, haydovchilarning 99 foizi avtoturargoh uchun naqd pulda to'lov amalga oshiradi, bu esa mablag'larning noqonuniy chiqib ketish imkoniyati kattaligidan dalolat beradi. Avtomatlashtirish korruptsiya faktini butunlay istisno qiladi - terminal bilan "kelishib" bo'lmaydi va u daromadlarni yashirmaydi. To‘liq moliyaviy shaffoflik”, — dedi “Uzbekistan Airports” boshqaruvi raisi Ra’no Djurayeva.

    Bu avtoturargohlarni avtomatlashtirishga qaratilgan birinchi qadam. Ayni paytda ikkinchi avtoturargohda – kelish terminali oldida uskunalarni o‘rnatish va sozlash ishlari olib borilmoqda. Kelgusida poytaxt aeroportining qolgan avtoturargohlari ham to'liq avtomatlashtiriladi.