Toshkent xalqaro aeroportida keng koʻlamli qurilish va rekonstruksiya ishlari boshlandi

    Transport 11 Dekabr 2023 594

    Rekonstruksiya natijasida xalqaro aviaqatnovlar terminali maydoni ikki baro barga koʻpayadi, joʻnab ketish hududiga kirish yoʻllari oʻzgaradi, uchib kelish va uchib ketish zallari yagona majmuaga birlashtiriladi, terminalning ikkinchi qavatida ochiq terrasa paydo boʻladi.

    Ayni paytda Toshkent xalqaro aeroporti terminalining oʻtkazish qobiliyati yiliga 7 million yoʻlovchini tashkil etadi. Joriy yilda poytaxt aeroportida 6,8 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish rejalashtirilgan. Xalqaro terminalni kengaytirish loyihasi 2 bosqichda amalga oshiriladi va 2025-yilning oxiriga qadar davom etadi. Mazkur ishlar yakuniga etgach, oʻtkazish imkoniyati yiliga 13 million yoʻlovchiga yetkaziladi.

    Birinchi navbatda, aeroport maydonining kengayishiga uchib kelish va uchib ketish binolarining fasadlarini rekonstruksiya qilish, shuningdek, ularni birlashtirish orqali erishiladi. Aeroportga transportda kirish tizimi ham oʻzgaradi: transport vositalari birinchi qavat yoniga kelishadi, yoʻl oʻtkazgich esa binoning bir qismiga aylanadi.

    Shuningdek, uchib kelish zalida 48 yoʻlovchi uchun oʻtish yoʻlagiga ega yangi chegara nazorati hududi paydo boʻladi. Mavjud uchib kelish zali ham toʻrttadan sakkizta yuk lentalarini joylashtirishni nazarda tutgan holda rekonstruksiya qilinadi, bu esa koʻproq parvozlarga xizmat koʻrsatish imkonini beradi. Taʼkidlash lozimki, ushbu loyiha kutib oluvchilar uchun alohida, hozirgi uchib kelish zalidan kattaroq - 6,2 ming kv.m. boʻlgan hududni oʻz ichiga oladi.

    Loyihaga koʻra, uchib ketish zalida 50 ta roʻyxatdan oʻtish nuqtasi, katta oʻlchamdagi bagajlarni topshirish peshtaxtasi, bagajlarni oʻzi topshirish joyi, shuningdek, bojxona va yuk nazoratidan iborat yangi yoʻlovchilarni roʻyxatga olish zali quriladi. Aviatsiya xavfsizligi tekshiruv hududi ham kengayadi. Havo kemalariga chiqish uchun kutish maydonida – 800 oʻrinli kutish joyi va ovqatlanish hududi qurib bitkaziladi. Toshkent aeroporti uchun oʻziga xos yangilik – uchish maydonining ikkinchi qavatida shaharga qaragan deyarli 5 ming kv.m. maydonga ega ochiq terrasa paydo boʻladi.

    Uchish terminali boʻylab yangi oʻtish galereyasi quriladi, bu teletrap boʻylab oʻtuvchi, kelgan va ketayotgan yoʻlovchilar oqimini ajratish imkonini beradi. Uchib kelgan yoʻlovchilarga koʻchaga chiqmasdan terminal binosiga kirish imkoniyatlarini oshirish uchun ikkita qoʻshimcha teletrap sotib olinadi. Rekonstruksiyadan soʻng poytaxt aeroportida 6 ta teletrap ishlaydi, chiqish darvozalari soni esa 12 tani tashkil etadi.

    Ushbu qurilish va rekonstruksiya ishlarining muhim bosqichidan biri bu - bagajga xizmat koʻrsatish tizimini modernizatsiya qilishdir.Yangi tizimning oʻrnatilishi bilan aeroport real vaqt rejimida har bir yoʻlovchining aeroport majmuasi ichidagi yuklari harakatini kuzatish imkoniga ega boʻladi.

    Bu esa yuklar yoʻqolishini minimallashtirish va ularni samolyotga yanada tezroq yuklash imkonini beradi. Shuningdek, yuklarni saralash uchun yangi maydon va xizmat koʻrsatish uskunasining oʻrnatilishi ayrim reyslar yoʻlovchilariga parvozdan roʻyxatdan oʻtish va bagajni topshirishni 24 soat oldin amalga oshirish imkonini beradi.