Bugungi kunga qadar “Uzbekistan Airports” balansiga Toshkent aeroportining xalqaro aviaqatnovlar terminali atrofidagi oltita avtoturargoh topshirilgan. Yaqin vaqt ichida oʻrtacha 400 avtomobilga moʻljallangan yana bir avtoturargohning topshirilishi kutilmoqda. Avtoturargohlarni rekonstruksiya qilish va kattalashtirish natijasida avtomobil turar joylarining umumiy soni ikki barobar ortadi.
Ayni kunlarda poytaxt aeroporti yaqinidagi mavjud avtoturargohlarni rekonstruksiya qilish va yangilarini qurish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Masalan, uchib ketish zali oldidagi avtoturargohda avtomobil turar joylari soni 214 tadan 333 taga oshiriladi. Hudud soyabon va savdo nuqtalarini olib tashlash, shuningdek, avtobus va taksilar uchun kirish yoʻlaklarini qayta qurish hisobiga kengaytiriladi. Shuningdek, uchib kelish zali oldida 175 oʻrinli yangi avtoturargoh yaratilib, 122 oʻrinli mavjud avtoturargoh rekonstruksiya qilindi. Umuman olganda, aeroport atrofidagi hududning yangi loyihasiga asosan avtomobil turar joylari soni 187 foizga — 336 tadan 630 tagacha koʻpaytirildi.
Uchish va kelish zallari orasidagi avtoturargoh ham rekonstruksiya qilinmoqda va u mehmonxonaga/mehmonxonadan tashishni amalga oshiruvchi turistik avtobuslar va mikroavtobuslar uchun moʻljallangan. Chekka hududdagi ikkita avtoturargoh ham kelgusida rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilmoqda. Yashil hududdagi katta avtoturargoh hozirda “Uzbekistan Airports” balansiga oʻtkazilmoqda.
“Aeroport oldi hududining yangi loyihasi hududni optimallashtirish hisobiga avtoturargohlar sonini koʻpaytirish, shuningdek, barcha transport turlari — avtobuslar, shaxsiy avtomobillar va taksilar uchun alohida yoʻlaklar qurish imkonini beradi. Loyihaga koʻra, odamlar koʻchada turmasligi lozim, avtoturargoh — faqat avtomobillar uchun. Yoʻlovchilar kuzatuvchi va kutib oluvchilar uchun esa terminalning oʻzida sharoitlar yaratilmoqda. Tez orada uchish zalining uchinchi qavatida umumiy ovqatlanish va chakana savdo shoxobchalari ishga tushadi. Uchib kelish zali oldida kutib oluvchilar uchun qishda issiq, yozda salqin boʻladigan yopiq inshootlar, shuningdek, oʻrindiqlar va savdo nuqtalari qurilishi rejalashtirilgan. Shuni qoʻshimcha qilish lozimki, ekologik tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida hududda yuzdan ortiq daraxtlar ekiladi”, — deyiladi “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabarida.