Toshkent xalqaro aeroportidagi taksi monopoliyasiga chek qoʻyiladi

    Transport 27 Iyul 2023 1976

    “Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti” MCHJ hududidagi avtoturargohlar uchun toʻlovlar miqdori oshirilgani, shuningdek, aeroport hududida faqat yagona taksi xizmati yoʻlga qoʻyilgani ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlgan edi.

    Mazkur holatni Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi oʻrganib chiqqanida, haqiqatdan ham aeroport hududida faqatgina bitta tadbirkorlik subyektiga maʼlum bir shart-sharoitlar yaratib berilgani, ushbu subyektdan toʻlovlar undirilmayotganligi, boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarning avtomobillari aeroport hududiga kiritmayotgani va toʻlov miqdorini oshirilishi orqali ushbu sohada raqobatni cheklash holati sodir etilgani aniqlangan.

    Ushbu holatlar boʻyicha Raqobat qoʻmitasi “Uzbekistan Airports” AJga majburiy koʻrsatmalar bergan.

    Bundan norozi boʻlgan “Uzbekistan Airports” AJ Toshkent tumanlararo maʼmuriy sudiga murojaat qilgan.

    Toshkent tumanlararo maʼmuriy sudi tomonidan shikoyat rad etilib, Qoʻmitaning qaror va koʻrsatmasi oʻz kuchida qoldirilgan.

    Shuningdek, mazkur ish “Uzbekistan Airports” AJning apellyatsiya shikoyati asosida Toshkent shahar maʼmuriy sudi apellyatsiya instansiyasi tomonidan ham koʻrib chiqilib, 2023-yil 12-iyunda apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirish rad etildi.

    Demak, Toshkent xalqaro aeroportidagi taksi monopoliyasiga chek qoʻyiladi.