“Toshkent” xalqaro aeroportidan noqonuniy tilla zargarlik buyumlarini olib oʻtmoqchi boʻlgan shaxslar ushlandi

    “Toshkent“ xalqaro aeroportida qiymati salkam 600 mln soʻmlik qimmatbaho qoʻl soatlari va zargarlik buyumlarini noqonuniy olib kirishga urinish fosh etildi.

    Bu haqda “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xabar berdi.

    Qayd etilishicha, “Toshkent” xalqaro aeroportiga “Dubay-Toshkent” yoʻnalishi boʻyicha uchib kelgan fuqaroning xatti-harakatlari bojxona xodimlarida shubha uygʻotadi. Natijada fuqaroning qoʻl sumkasi ichidan bojxona nazoratiga belgilangan tartibda taqdim etilmagan, jismoniy shaxslar tomonidan olib kirish meʼyoridan ortiq boʻlgan 1 dona tilla soat borligi aniqlandi.

    Ekspertiza xulosalariga koʻra, sof vazni 151,69 gramm boʻlgan ushbu qoʻl soati qariyb 338 mln soʻmga baholanmoqda.

    Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Yana bir holatda esa Nyu-Yorkdan uchib kelgan fuqaroga tegishli sumkalar ichida ogʻzaki soʻrovda maʼlum qilinmagan, yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida koʻrsatilmagan “ROLEX OYSTER PERPETUAL DATEJUST” brendiga mansub 156 mln soʻm boʻlgan qoʻl soati borligi maʼlum boʻldi.

    Shuningdek, Dubaydan uchib kelgan fuqaroning qoʻl va yoʻl sumkalari koʻzdan kechirilganda, ogʻzaki soʻrovda maʼlum qilinmagan, jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni bojsiz olib kirish meʼyoridan ortiq boʻlgan “BVLGARI” nomli 1 dona bilakuzuk va 1 dona uzuk borligi aniqlandi.

    Maʼlum boʻlishicha, uning qiymati 71 mln soʻmni tashkil qilmoqda.

    Ushbu holatlar yuzasidan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning tegishli moddalari bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan.

    Eslatib oʻtamiz, jismoniy shaxslar zargarlik buyumlarini shaxsiy ehtiyoji uchun 65 grammgacha (2 000 AQSH dollaridan oshmagan) boʻlgan miqdorda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga bojsiz olib kirishlari mumkin, — deyiladi xabarda.