Toshkent xalqaro investitsiya forumi yangi biznes imkoniyatlarini kashf etadi

    Hukumat 27 Aprel 2023 3339

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-aprel kuni ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida ishtirok etdi.

    O‘tgan yili ilk bor o‘tkazilgan forum ishbilarmon doiralar tomonidan yuqori baholangan edi va u yaxshi an’anaga aylanib bormoqda. Bu yilgi anjumanda Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Akilbek Japarov, Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad Sulaymon al-Jasir, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Olga Algayorova, Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vaziri Suxayl al-Mazruiy, Vengriyaning iqtisodiy taraqqiyot vaziri Marton Nad, ACWA Power kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abdulla Abunayyan qatnashmoqda. Umuman, forumda 70 mamlakatdan 2 ming 500 ga yaqin biznes va moliya sohasi vakillari ishtirok etmoqda.

    Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida barcha ishtirokchilarni qutlab, bu forum ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga, yangi biznes imkoniyatlarini kashf etishga xizmat qilishini ta’kidladi. Mamlakatimizda iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, biznesga keng yo‘l ochish, bu borada qonun ustuvorligi va huquqiy kafolatlarni mustahkamlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar qayd etildi.

    Jumladan, qulay fiskal tizim yaratildi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 12 foizga tushirildi. Xorijiy investorlar aksiyalaridan oladigan dividendlar uch yil muddatga foyda solig‘idan ozod qilindi. Muhimi – soliq va bojxona qonunlariga yangi yoki og‘irlashtiruvchi javobgarlik choralari kiritilmasligi qat’iy belgilab qo‘yildi.

    Tashqi savdo erkinlashtirilmoqda. Xususan, investorlar uchun zarur bo‘lgan 7 mingdan ziyod xomashyo va tovarlarga bojxona bojlari bekor qilindi. Bojxona hududida qayta ishlashning soddalashgan tartibi joriy etildi. Yangi-yangi bozorlarga kirish maqsadida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish jarayoni jadallashtirilmoqda.

    Ijro hokimiyati tizimi isloh qilinib, byurokratiya kamaytirildi. Davlatning biznesni tartibga solishga qaratilgan 500 ta funksiyasi bekor qilindi, 70 tasi xususiy sektorga davlat-xususiy sheriklik va autsorsing asosida o‘tkazildi.

    Hozirgi kunga qadar 132 ta litsenziya va ruxsat berishga oid hujjatlar bekor qilindi, 33 tasi bo‘yicha xabardor qilish tartibi kiritildi.

    Eng muhimi – ushbu islohot doirasida investorlar bilan ishlashning yaxlit tizimi joriy qilindi. Investitsiya, sanoat va savdo vazirligida loyiha tashabbusidan boshlab, to uni ishga tushirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarda investorlarga “yagona darcha” orqali ko‘maklashish yo‘lga qo‘yildi.

    Investorlar masalalarini tezkor hal etish, ularning davlat rahbari bilan bevosita muloqotini yo‘lga qo‘yish maqsadida Prezident huzurida Xorijiy investorlar kengashi ish boshladi.

    Ishbilarmonlar huquqlarining himoyasi kuchaytirildi. Chet ellik investorlar uchun ko‘chmas mulk sotib olish, O‘zbekistonga kelib-ketish va yashash shartlari keskin soddalashtirildi.

    Investorlar huquqlarini himoya qilish borasida ma’muriy sudlarga katta vakolatlar berildi. Bundan buyon, tadbirkor va investorlar sudda o‘z talabining to‘g‘riligini isbotlashi shart emas. Endi, davlat idorasi o‘z qarorining qonuniyligini isbotlab berishga majbur bo‘ladi. Yuzaga kelgan har qanday noaniqliklar esa investorlar foydasiga hal qilinadi. Bu yil yurtimizda ilk bor Xalqaro tijorat sudi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

    Bunday iqtisodiy imkoniyatlar va kafolatlar o‘z natijasini bermoqda. Bir yilning o‘zida mamlakatimizda 40 mingdan ortiq yangi sanoat korxonalari tashkil qilingan. Kiritilgan xorijiy sarmoyalar hajmi 10 milliard dollarga yetdi yoki 2017-yilga nisbatan 3 barobarga oshgan.

    Prezident bu ishlar jadal davom ettirilishini ta’kidladi. Yaqin kunlarda umumxalq referendumiga qo‘yilayotgan yangi Konstitutsiyada buning huquqiy asoslari belgilanmoqda. Jumladan, davlat qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini ta’minlash, mulk daxlsizligi, bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha o‘ziga majburiyatlar olmoqda.

    Davlatimiz rahbari o‘z nutqida O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirish borasidagi yangi imkoniyatlarga to‘xtalib o‘tdi.

    Birinchisi, “yashil iqtisodiyot”. Mamlakatimizda jahonning eng nufuzli kompaniyalari quyosh va shamol elektr stansiyalari loyihalarini amalga oshirmoqda. Shu yilning o‘zida 2 ming Megavattdan ziyod, keyingi yilda esa, 8 ming Megavattli quvvatlar ishga tushadi.

    “Yashil iqtisodiyot” sanoatning yangi yo‘nalishlariga ham turtki bermoqda. Bu – investorlar uchun 8 milliard dollarlik imkoniyat, degani.

    Ikkinchi yo‘nalish, davlat-xususiy sheriklik. Islohotlar natijasida, oldinlari “yopiq” bo‘lgan tarmoqlarga xususiy investitsiyalar faol kirib kelmoqda. Masalan, avval 100 foiz davlat tarmog‘i hisoblangan aviatsiya sohasida xususiy sektorga keng yo‘l ochildi. Shu bilan birga, tez o‘sib kelayotgan axborot texnologiyalari, turizm, ta’lim, tibbiyot kabi sohalarda O‘zbekiston mintaqaviy xabga aylanib bormoqda.

    Umuman, bu yil davlat-xususiy sheriklikni joriy qilish bo‘yicha 14 milliard dollarlik alohida dasturlar ishlab chiqilgan. Ular davlat uchun muhim bo‘lgan transport, kommunal va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash kabi tarmoqlarni qamrab olgan.

    Uchinchi yo‘nalish, davlat mulkini xususiylashtirish. Joriy yilda bu bo‘yicha “1 ming, 1 ming, 40” dasturi qabul qilindi. Ya’ni, mingta korxonadagi davlat ulushlari hamda yana mingta davlatga tegishli ko‘chmas mulk obyektlari ochiq auksion savdolariga chiqariladi, 40 ta strategik korxona “IPO”ga olib chiqiladi.

    To‘rtinchi yo‘nalish, industrial rivojlanish. Bugungi kunda O‘zbekiston to‘qimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari, elektr texnikasi, mashinasozlik tarmoqlarida yetarli xomashyo va malakali kadrlarga ega. Bu sohalarda ishlab chiqarish va eksportni 2 barobar oshirish uchun yetarli imkoniyatlar bor. Buning uchun yirik brendlar bilan hamkorlik, tashqi bozorlarga chiqish, innovatsiya va zamonaviy texnologiyalar kerak.

    Beshinchi yo‘nalish, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik. Hozirda qo‘shma investitsiya fondlari tashkil qilinib, sanoat, energetika, transport va suv xo‘jaligi sohalarida yirik mintaqaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. Mamlakatlarimiz iqtisodiyoti bir-birini to‘ldirishini inobatga olib, sanoat va agro kooperatsiyalarini davom ettirish zarur.

    Prezidentimiz O‘zbekiston investorlar uchun huquqiy kafolat, alohida texnopark va sanoat zonalari, qo‘shimcha imtiyozlar berishga tayyorligini bildirdi.

    – Muloqotlar orqali Yangi O‘zbekistondagi biznes uchun beqiyos imkoniyatlarni kashf qilasizlar. Sizlar o‘zingiz istagan tinchlik va barqarorlik, qulay investitsiya muhiti hamda zarur kafolatlarni aynan bizning yurtimizda topasiz. Yangi O‘zbekiston Sizning biznes faoliyatingizda alohida yorqin iz qoldiradigan makon bo‘lib xizmat qiladi, deb ishonaman, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

    Sessiya davomida xalqaro moliya tashkilotlari rahbarlari so‘zga chiqib, O‘zbekistonga investitsiya kiritish istiqbollari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

    Forumning sho‘ba majlislarida jahon iqtisodiyotning retsessiya ehtimollari, zamonaviy monetar siyosat, savdoni moliyalashtirish, infratuzilmani rivojlantirish, iqtisodiyotni raqamlashtirish, transport va muqobil energetikaga investitsiya kiritish mavzulari muhokama qilinadi. Shuningdek, xalqaro moliya markazlar tashkil etish tajribasini tatbiq etish, davlat korxonalarni transformatsiya qilish, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, turizm sohalarini hamda elektron tijoratni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

    Forum doirasida xorijlik sheriklarga O‘zbekiston hududlarining investitsiya salohiyati va 160 dan ortiq yirik loyihalar taqdimot qilinadi. Investitsiya va savdo bitimlarni imzolash marosimlari bo‘ladi.

    Toshkent xalqaro investitsiya forumi 28-aprel kuni yakunlanadi.