Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi “Toshkent xalqaro kinofestivalini qayta tiklash va oʻtkazish toʻgʻrisida”gi PQ-5151-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Bosh vazirning oʻrinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi ushbu yigʻilishda mutasaddi vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari masʼullari ishtirok etishdi. Joriy yil boʻlib oʻtadigan kinofestivalning tayyorgarlik jarayonlariga bagʻishlangan yigʻilishda milliy kinematografiya, kinokompaniya va kinoteatrlar tarmogʻini rivojlantirish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Mazkur yigʻilishda shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar kengashi raisi, viloyatlar hokimlarining turizim, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari ham onlayn ishtirok etishdi.

Maʼlumot uchun, endilikda Prezident qaroriga muvofiq, Toshkent xalqaro kinofestivali “Ipak yoʻli durdonasi” nomi bilan Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan 2021-yildan boshlab har yili 28-sentyabr – 3-oktyabr kunlari oʻtkaziladi.

Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi xalqaro kinofestivali deb nomlangan Toshkent kinofestivali 1968–1997-yillarda may oyi oxiri – iyun oyi boshida davlat kinematografiya qoʻmitasi va kinoarboblar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan.

Kinematografiya agentligi Axborot xizmati