Materiallarda yuqori darajadagi mazkur xalqaro forum, tashrif chogʻida ikki mamlakat rahbarlari oʻrtasida erishilgan kelishuvlar, shuningdek, Pokiston Bosh vaziri Imron Xonning Buxoroga tashrifidan olgan taassurotlari haqida maʼlumotlar oʻrin olgan.

Toshkent anjumani, Pokiston va Oʻzbekistonning yana-da yaqinlashishiga imkon bergani alohida taʼkidlangan. Strategik sheriklik shartnomasi, albatta, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va chuqurlashtirish borasida muhim qadam boʻldi.

Maqolalarda Markaziy Osiyo mintaqasida roʻy berayotgan jarayonlarda Oʻzbekistonning strategik va mintaqaviy ahamiyati qayd etilgan. “Nafaqat respublikaning oʻzi, balki butun mintaqa taraqqiyotiga taʼsir etuvchi keng koʻlamli islohotlar va oʻzgarishlar uzoqni koʻzlab izchil siyosat olib borayotgan Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari lavozimiga saylanganidan keyin boshlandi”, - deya qayd etgan Pokiston OAV.

“Toshkentda boʻlib oʻtgan anjuman Oʻzbekiston rahbariyatining yana bir samarali va muvaffaqiyatli tadbiri boʻldi”, - deb yozadi mualliflar. - 40 dan ortiq mamlakatning, jumladan, eng yuqori darajadagi mehmonlarning ishtiroki Oʻzbekistonning jadal va qatʼiy tashqi siyosatidan dalolatdir».

“Daily Spokesman”ning yozishicha, Oʻzbekiston va Pokiston rahbarlari tarixiy va madaniy aloqalarni har tomonlama rivojlantirish, savdo va sarmoyaviy hamkorlikni mustahkamlash va madaniy hamkorlikni chuqurlashtirish dolzarb masalalarni muhokama qildilar.

“Mintaqaviy nuqtayi nazardan Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikning muhim ahamiyati alohida taʼkidlandi, - deyiladi maqolada. - Ikki tomonlama maslahatlashuvlar hamda mintaqaviy darajada muvofiqlashtirishni mustahkamlash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi”.

Taʼkidlanishicha, Pokiston Bosh vazirining Oʻzbekistonga muvaffaqiyatli tashrifi natijasida har ikki davlat oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha kelishuvlarga erishildi.