Prezidentning 2026-yil 30-martdagi PF–48-son Farmoni bilan Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi. Ushbu tashabbusning yakuniy huquqiy shakli — 2026-yil 1-iyulda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan, 9-iyulda Senat tomonidan ma’qullangan va 13-iyulda imzolangan “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi O‘RQ–1158-son Konstitutsiyaviy Qonuni bo‘ldi. 34 moddadan iborat hujjat Moliya markazining alohida hudud sifatidagi maqomini va uning hududida amal qiladigan maxsus huquqiy rejimni belgilaydi.

Qonundan ko‘zlangan maqsad va vazifalar

Qonunga ko‘ra, Moliya markazining maqsadi — xalqaro moliyaviy xizmatlar sektoriga samarali hissa qo‘shish va O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlovchi yetakchi xalqaro moliya markaziga aylanishdir. Uning vazifalari qatoriga milliy strategik loyihalarga investitsiyalarni jalb qilish, kapital bozorlarini xalqaro bozorlar bilan integratsiya qilish, bank, sug‘urta, islomiy moliya, moliyaviy texnologiyalar va raqamli aktivlar sohalarini rivojlantirish hamda O‘zbekistonni nizolarni hal etish bo‘yicha xalqaro markaz sifatida targ‘ib qilish kiradi. Markaz faoliyati samaradorlik, shaffoflik, halollik va kasbiy mahorat prinsiplariga asoslanadi. Muhim kafolat sifatida Markazning dastlabki hududiy chegaralari belgilanib, faoliyat boshlanganidan keyin ushbu hududning qisqartirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi mustahkamlandi.

Qo‘llaniladigan huquq iyerarxiyasi

Qonunning 8-moddasi Markaz hududida amal qiluvchi maxsus qonunchilikning ustuvorlik tartibini belgilaydi: O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu Konstitutsiyaviy Qonun, Prezidentning tegishli farmonlari va qarorlari, Moliya markazining qarorlari hamda, zarur hollarda, ular bilan zid bo‘lmagan taqdirda — Angliya va Uelsning umumiy huquqi va adolat prinsiplari. Markaz kengashi qaysi ingliz qonunchilik hujjatlari, qaysi sana holatiga ko‘ra va qanday o‘zgartirishlar bilan qo‘llanilishini alohida qaror bilan belgilaydi. Milliy qonunchilik hujjatlari esa Markaz yurisdiksiyasiga kirmaydigan masalalardagina qo‘llaniladi. Markaz organlariga fuqarolik, korporativ va tijorat huquqi, moliya, bank, soliq, mehnat munosabatlari, ma’lumotlarni himoya qilish, protsessual munosabatlar va davlat xaridlari sohalarida majburiy kuchga ega qarorlar qabul qilish vakolati berildi.

Investitsiyalarni himoya qilish kafolatlari

Qonunning 6-moddasi investorlar uchun kuchli kafolatni mustahkamlaydi: Markaz shaxslarining mablag‘lari, aktivlari va mol-mulki musodara, natsionalizatsiya, ekspropriatsiya qilinishi, sekvestrlashtirilishi yoki muzlatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Istisno faqat Toshkent xalqaro tijorat sudining majburiy kuchga ega qarorlari hamda jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish, sanksiyalar va bankrotlik to‘g‘risidagi qonunchilik doirasidagi cheklovlar uchun nazarda tutilgan. Ushbu himoya choralari Markaz hududidan tashqaridagi hech bir davlat organi hujjati bilan kamaytirilishi mumkin emas — bunday hujjat Markaz hududida yuridik kuchga ega bo‘lmaydi.

Mustaqil sud va jinoiy yurisdiksiya masalasi

Toshkent xalqaro tijorat sudi Markazning sud organi sifatida moliyaviy, ma’muriy va ish yuritish mustaqilligiga ega bo‘lib, birinchi instansiya va apellyatsiya sudidan iborat. E’tiborli jihati — har qanday davlat fuqarosi ushbu sudning sudyasi bo‘lishi mumkin. Bosh sudya va sudyalar Prezident tomonidan tayinlanadi, sud jinoyat va ma’muriy huquqbuzarlik ishlarini ko‘rmaydi. Qonunning 14-moddasi alohida mexanizmni joriy etdi: valyuta, bojxona, soliq, raqobat va kripto-aktivlar sohasidagi qoidabuzarliklar mohiyatan tijorat nizosi hisoblansa, avvalo Markaz yurisdiksiyasi doirasidagi fuqarolik-huquqiy va ma’muriy choralar qo‘llaniladi, ish materiallari jinoyat ishini qo‘zg‘atish uchun milliy organlarga yuborilmaydi.

Soliq rejimi: 2076-yilgacha imtiyozlar va global minimal soliq

Markaz hududida Soliq kodeksi normalari faqat Qonunda yoki Markaz qarorlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan hollarda qo‘llaniladi. Markaz organlari va malakali ishtirokchilari 2076-yil 1-yanvarga qadar foyda solig‘i va ijtimoiy soliqdan ozod etiladi. Bunda malakali ishtirokchi Markazda yetarli iqtisodiy mohiyatga ega bo‘lishi va daromadni aynan moliyaviy xizmatlardan olishi shart.

Ingliz tili — rasmiy til

Qonunning 30-moddasiga ko‘ra, ingliz tili Markazning rasmiy tili hisoblanadi. Markaz qarorlari ingliz tilida qabul qilinadi va e’lon qilinadi, inglizcha matn bilan tarjima o‘rtasida tafovut bo‘lsa, inglizcha matn ustuvor bo‘ladi. Sud ishlari ham ingliz tilida yuritiladi. Bundan tashqari, chet el fuqarolari kirish vizasini xalqaro aeroportga yetib kelganidan keyin ham olishi, Markaz shaxslari esa besh yilgacha muddatga viza olishi mumkin. Markazda ishlash uchun chet elliklar mehnat faoliyati tasdiqnomasi va mehnat ruxsatnomasi olish majburiyatidan ozod etildi. Yana bir yangilik — investitsiyaviy soliq rezidentligi dasturi: belgilangan hajmda investitsiya kiritgan jismoniy shaxslar va ularning oila a’zolariga maxsus soliq va viza imtiyozlari beruvchi maqom taqdim etiladi.

Faollashtirish va o‘tish davri

Markaz organlari Qonun kuchga kirganidan keyin o‘n ikki oy ichida faoliyat uchun zarur qarorlarni qabul qilishi lozim, kengash ushbu muddatni olti oygacha uzaytirishi mumkin. Moliya markazi kengashining Moliya markazini faoliyatni boshlashga tayyor deb topish toʻgʻrisidagi qarori Prezident tomonidan tasdiqlanganidan keyin ushbu qarorda koʻrsatilgan sanadan eʼtiboran Moliya markazi faollashtirilgan deb hisoblanadi. O‘tish davrida milliy litsenziyaga ega moliya tashkilotlari qo‘shimcha ariza talab qilinmagan holda Markaz hududida o‘z litsenziyasi doirasidagi xizmatlarni ko‘rsatishi mumkin — buning uchun oltmish kun ichida sho‘ba kompaniya yoki filialni Markaz organida ro‘yxatdan o‘tkazish kifoya.

Xulosa o‘rnida

O‘RQ–1158-son Konstitutsiyaviy Qonun PF–48-son Farmonida e’lon qilingan islohotni to‘liq huquqiy asosga ega qildi. Umumiy huquq an’analari, mustaqil sud, uzoq muddatli soliq kafolatlari va investitsiyalarni himoya qilishning konstitutsiyaviy darajadagi mexanizmlari Dubay, Abu-Dabi va Ostona tajribasidan o‘tgan modelni O‘zbekiston sharoitiga moslashtiradi. Pirovardida bu hujjat Toshkentni mintaqaning yetakchi moliyaviy markaziga aylantirish va mamlakatning global moliyaviy tizimga integratsiyasini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Nozimbek Dilboboyev,
TDYU, Xalqaro xususiy huquq sho‘basi o‘qituvchisi