“Professional boks kechasi”ning markaziy jangi “BeFit” klubi aʼzosi Islombek Pirmanov (2-0, 2 KO) ozarbayjonlik Rauf Agayev (31-7, 14 KO) oʻrtasida WBC mintaqaviy kamari uchun boʻlib oʻtadi. Hamyurtimiz Abduhamid Hakimov boks oqshomida WBC Asia kamarini himoya qiladi. Uning raqibi kim boʻlishi borasida muzokaralar olib borilmoqda.
Shuningdek, ajoyib boks oqshomida Doston Turdiyev, Rustam Ergashev, Behruz Rahmonov, Joʻraboy Zokirov, Shukrullo Vohidov kabi professional bokschilarimiz reyting janglarida ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Musobaqaning koʻz urishtirish, vazn oʻlchash marosimlari 28-may kuni poytaxtimizdagi “Hyatt” mehmonxonasida oʻtkaziladi.
Ushbu musobaqani yuqori saviyada oʻtkazish borasida Oʻzbekiston professional boks federatsiyasida tashkiliy ishlar olib borilmoqda. Musobaqaga kelish, uni tomosha qilish bepul. Albatta, karantin qoidalariga rioya etgan holda. Biz sizni professional boksning betakror janglarini tomosha qilishga chorlab qolamiz.