Toshkent yana bir yirik tadbirga mezmonlik qilmoqda

    2025-yil 16-dekabr kuni Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.

    Uchrashuvda Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri U Von Sik, Qozogʻiston Respublikasi parlamenti Majilisi raisi Yerlan Koshanov, Tojikiston Respublikasi Majlisi Oli Majlisi Namoyandagon Raisi oʻrinbosari Aziz Kodir Giyozoda, Qirgʻiz Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Duyshonqul Chotonov va Turkmanistonning Oʻzbekiston Respubliksidagi elchixonasining Muvaqqat ishlar boʻyicha vakili janob Sapa Annaorazov ishtirok etmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva yalpi majlisda soʻzlagan nutqida mazkur uchrashuv Markaziy Osiyo mintaqasida shakllanib borayotgan yangi siyosiy dinamika, parlamentlararo ishonch va muloqotning mustahkamlanishida muhim oʻrin tutishini taʼkidladi.

    Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida oliy darajadagi muloqotlar tizimli tus olib, mintaqaning jahon maydonidagi oʻrni mustahkamlanib borayotgani, parlamentlararo hamkorlik esa bu jarayonning muhim poydevori sifatida shakllanib kelayotgani qayd etildi.

    Yalpi majlisda soʻzga chiqqan delegatsiya rahbarlari muntazam davom etayotgan uchrashuvlarining ahamiyatini taʼkidlab, mazkur format Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasini bogʻlaydigan muhim muloqot maydoniga aylanganiga eʼtibor qaratdi.

    Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yigʻilishi oʻz ishini davom ettirmoqda.