15-dekabrgacha boʻlib oʻtadigan mazkur oylikda eng faol qatnashgan 10 nafar yosh Toshkent shahar hokimligi tomonidan 100 foizlik grant asosida Fransiyaning eng katta oliygohlaridan biri – Le Cordon Bleu universitetiga oʻqishga yuboriladi.

15-noyabr kuni “Hilton Tashkent city” mehmonxonasida “Zakovat” intellektual oʻyini, 16-noyabr kuni “Hilton Tashkent city” mehmonxonasida “Chto, gde, kogda” intellektual oʻyini, 18-noyabr kuni poytaxtning “Yoshlar ijod saroyi”da “Munozara” debat bellashuvlari, 20-noyabr kuni esa “Hilton Tashkent city” mehmonxonasida “CUDS debat chempionati” boʻlib oʻtdi.

“Intellektual oʻyinlar” haftaligi doirasidagi tadbirlarga jami 6790 nafar yoshlar ishtirok etdi. Shundan 5148 nafar yoshlar tomoshabin sifatida ishtirok etgan boʻlsa, 1642 nafar yoshlar esa bevosita ishtirokchi sifatida tadbirlarda qatnashishdi.

Shuningdek, juda qizgʻin va unutilmas onlarga boy boʻlgan “Intellektual oʻyinlar” haftaligi doirasida tashkil etilgan tadbirlarning 72 nafar gʻolib yoshlari Toshkent shahridagi “Magic city” majumasida tantanali ravishda taqdirlandi.

Bundan tashqari, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning 38 nafariga kontrakt toʻlovlarini toʻlash yuzasidan sertifikatlar topshirildi. Hafta doirasidagi bellashuvlar va tadbirlarda faol ishtirok etgan yoshlarni Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari Durdona Rahimova va Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi boshligʻi Abdulaziz Nazirov qimmatbaho sovgʻlar bilan mukofotlashdi.

Bundan tashqari, yoshlarning kayfiyatini koʻtarish, haqiqiy yoshlarga xos boʻlgan unutilmas va takrorlanmas lahzalarni taqdim etish maqsadida estradamizning yorqin yulduzlari, taniqlilar ishtirokida hafta yakuniga bagʻishlangan katta mega shou boʻlib oʻtdi.

“Toshkent chindan yoshlarni sevadi, bularning barchasi yoshlar uchun oʻtkazilmoqda va barcha tadbirlar, bellashuvlar, konsertlarda ishtirok etish yoshlarimiz uchun mutlaqo bepul tarzda tashkil etiladi”, deb yozmoqda Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi boshligʻi Abdulaziz Nazirov.

Abdulaziz Nazirovning taʼkidlashicha, “Toshkent yoshlarni sevadi” shiori ostida oʻtkazilayotgan mazkur yoshlar oyligi doirasida oʻtkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar koʻlami juda keng va yoshlar oyligi qizgʻin davom etadi.