Xitoydan olib kelingan CRRC-Dalian tezyurar elektropoyezdlaridan ikkinchisi endilikda Toshkent va Andijon o‘rtasida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi. 5 ta vagondan iborat poyezd zamonaviy qulayliklar bilan jihozlangan. Vagonlarda yo‘lovchilar uchun qulay o‘rindiqlar, iqlim nazorati hamda telefon va boshqa qurilmalarni quvvatlash imkoniyatlari mavjud.

Yangi poyezdning maksimal tezligi soatiga 160 kilometrni tashkil etadi. 730-sonli poyezd har kuni soat 09:20 da Toshkent markaziy vokzalidan yo‘lga chiqib, Angren, Pop, Qo‘qon va Marg‘ilon bekatlarida to‘xtaydi. U 13:35 da Andijonga yetib boradi. Shu tariqa safar davomiyligi 4 soat 15 daqiqani tashkil etadi.

Andijon–Toshkent yo‘nalishidagi 729-sonli poyezd esa har kuni 15:38 da Andijondan jo‘naydi va 19:53 da Toshkentga yetib keladi.

Qatnovning muhim jihatlaridan biri — poyezdning Qamchiq dovoni orqali harakatlanishidir. Yo‘nalishda uzun tog‘ tunneli ham mavjud. 19,2 kilometr uzunlikdagi Qamchiq temiryo‘l tunneli orqali poyezd tog‘ tizmasini kesib o‘tadi. Mazkur inshoot MDH hududidagi eng uzun temiryo‘l tunneli sifatida qayd etilgan.

Tunnel zamonaviy xavfsizlik va muhandislik tizimlari bilan jihozlangan. Unda shamollatish, yong‘in xavfsizligi hamda favqulodda vaziyatlarda foydalaniladigan infratuzilma mavjud.

Yangi elektropoyezdning yo‘lga qo‘yilishi Toshkent va Farg‘ona vodiysi o‘rtasidagi temiryo‘l qatnovida tezlik, qulaylik va xavfsizlikni yanada oshirishga xizmat qiladi.

Ta’kidlash joiz, mazkur qatnov amaldagi poyezd tarkibi o‘rniga tashkil etilgan.

Zulxumor Akbarova