баннер
7 Apr 2025
05:53

    Toshkentda 1 ta jangovar va 21 ta pnevmatik qurol noqonuniy muomaladan olindi

    “Xavfsiz va sogʻlom poytaxt” oyligi doirasida oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida Toshkent shahrida 1 ta jangovar va 21 ta pnevmatik qurol noqonuniy muomaladan olindi.

    Poytaxt IIBB axborot xizmatining xabar berishicha, shu yilning 15-yanvaridan 15-fevral kuniga qadar Toshkent shahar IIBB, DXX Toshkent shahar boshqarmasi, shahar prokuraturasi, Milliy Gvardiya Toshkent shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda “Xavfsiz va sogʻlom poytaxt” kompleks maxsus tezkor-profilaktik tadbirlar oyligi oʻtkazilgan.

    Oylik davomida, tashkil etilgan maxsus guruhlar tomonidan jami 801 ta giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va kuchli taʼsir qiluvchi vositalarning noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq holatlar aniqlandi. Ular boʻyicha 567 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi, 158 ta maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi, 76 ta holat boʻyicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

    Koʻrilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida jami 21 kg 818 gr giyohvandlik vositalari, 28 790 ta kuchli taʼsir qiluvchi, 26 kg “pregabalin” dori vositalari noqonuniy muomalasiga chek qoʻyildi va minglab insonlarning zaharlanishi oldi olinib, hayoti saqlanib qolindi.

    Giyohvandlik vositalarini yashirish usuli orqali tarqatuvchilar bilan bogʻliq 34 ta holat aniqlanib, uning natijasida 9 kg 538 gr noqonuniy giyohvandlik moddalari hamda 3 689 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalasi toʻxtatib qolindi.

    Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning savdosi bilan shugʻullanuvchi internet doʻkonlari, ularning administrator va operatorlarini aniqlash, faoliyatiga chek qoʻyish borasida tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazildi. Bunday internet doʻkonlarning reklamasi aks etgan jami 1 323 ta “narkograffiti”lar aniqlanib, bartaraf qilindi.

    Giyohvand moddalar hamda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalariga ruju qoʻygan 501 nafar shaxslar maxsus tibbiyot muassasalariga davolanishga yotqizildi.

    Bundan tashqari, aholi, ayniqsa yoshlar orasida giyohvand moddalari va kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalariga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida, taʼlim muassasalari va jamoat joylarida aholi bilan 50 mingdan ziyod profilaktik tadbirlar, uchrashuvlar va davra suhbatlari oʻtkazildi. Milliy gvardiya Toshkent shahar boshqarmasi bilan hamkirlikda umumtalim maktablarda 3 536 marotaba profilaktik targʻibot ishlari olib borildi. Mazkur tadbirlar doirasida jami 2 milliondan ortiq fuqarolar qamrab olindi.

    Oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida jami 488 ta jinoyatlar “issiq izidan” fosh etildi, 160 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlandi, 45 nafar bedarak yoʻqolganlar aniqlanib yaqinlariga qaytarildi.

    Oʻtkir tigʻli buyumlarni qonunga xilof ravishda olib yurgan 2 181 nafar fuqarolar aniqlanib tegishli tartibda maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

    Tezkor tadbirlar davomida 1 ta jangovar (PM), 21 ta pnevmatik qurol va 7 ta oʻq-otar ov miltigʻi hamda 14 dona oʻq-dorilar noqonuniy muomaladan olindi. Har bir holat yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Yoʻl harakati qoidalari bilan bogʻliq 102 404 ta qoidabuzarlik aniqlangan. Shundan, qoʻpol qoidabuzarliklar 9 807 ta, mast holda avtomashina boshqarish 366 ta, svetofor ishoralariga amal qilmaslik 83 tani tashkil qilmoqda.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech