Toshkentda “16 kun gender zoʻravonlikka qarshi faol harakatlar” kampaniyasi doirasida tadbir boʻlib oʻtdi

    Mamlakatimizda 1 Dekabr 2022 2225

    2022-yil 30-noyabrda Toshkent shahrida Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi, Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi hamda Aholishunoslik sohasida BMT jamgʻarmasi tomonidan “16 kun gender zoʻravonlikka qarshi faol harakatlar” kampaniyasiga bagʻishlangan tadbir tashkil etildi.

    Tadbir “Oddiy buyumlar” koʻrgazmasi bilan boshlanib, unda zoʻravonlikka toʻqnash kelgan 16 nafar ayol bilan haqiqatda yuz bergan voqealar hikoya qilindi.

    Koʻrgazmadan koʻzlangan asosiy maqsad mamlakatdagi zoʻravonlik muammosini yoritish hamda har bir fuqaroni gender tengsizlikka qarshi faol harakat olib borishga chaqirish hisoblanadi.

    Koʻrgazmaning ochilish marosimida Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi Malika Qodirxonova, Bosh vazir oʻrinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi rahbari Zulayho Mahkamova hamda UNFPAning Oʻzbekistondagi vakili, janob Yu Yu ishtirok etdi.

    Koʻrgazmadan soʻng, ishtirokchilarga “Zoʻravonlikka yoʻl yoʻq!” telegram kanalining mualliflari tomonidan tayyorlangan “Hayotiy voqealar” toʻplami taqdim etildi.

    Shuningdek, tadbir doirasida mehmonlarga uch pardali “Orzulari osmon qizlar” nomli spektakl namoyish etildi. Unda uch xil turli vaziyatda xotin-qizlar maʼlumoti va ayolning oʻzini-oʻzi shakllantirishi mavzusiga doir suhbatlar modellashtirilgan.

    Tadbir davomida davlat va xalqaro tashkilotlarning vakillari gender zoʻravonlik va tengsizlik muammolariga yechim topish ustuvor ahamiyat kasb etishini hamda ularni bartaraf etish uchun hamkorlikda harakat qilish zarurligini qayd etdilar.

    Ayollarga nisbatan zoʻravonlik – tenglik, taraqqiyot va tinchlik sohasida yuksalishga erishish, shuningdek, xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash yoʻlidagi toʻsiqdir. Zero, Barqaror rivojlantirish maqsadlarining asosiy tamoyili – hech kim unutilmasligini taʼminlashdan iborat boʻlib, unga ayollarga nisbatan zoʻravonlikni yoʻqotmasdan erishish mumkin emas.

    “16 kun gender zoʻravonlikka qarshi faol harakatlar” kampaniyasi shu yilning 10-dekabriga qadar davom etadi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.