Toshkentda 2 tonnadan ortiq giyohvand moddalar yoqib yuborildi

    Bugun, 26-iyun kuni keng jamoatchilik va OAV vakillari ishtirokida jami 2 tonna 158,4 kgdan ziyod giyohvandlik vositalari yoqish yoʻli bilan yoʻq qilindi. Bu haqda Davlat bojxona qoʻmitasining matbuot xizmati xabar berdi.

    Poytaxtning Yangihayot tumanida “26-iyun – Xalqaro giyohvandlik vositalarini suiisteʼmoli va noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish” kuni munosabati bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan noqonuniy muomaladan musodara qilingan giyohvandlik vositalarini yoʻq qilish boʻyicha tadbir tashkil qilindi.

    Tadbir avvalida mavzu yuzasidan brifing tashkil qilinib, unda respublikada ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha jurnalistlarga batafsil maʼlumotlar berilmoqda.

    BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Ashita Mittal xonim giyohvandlikka qarshi kurash yoʻnalishida Oʻzbekistoning huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi.

    Sudning tegishli qaroriga koʻra keng jamoatchilik va OAV vakillari ishtirokida 2 tonna 158,4 kgdan ziyod giyohvandlik vositalari yoqish yoʻli bilan yoʻq qilindi.

    Giyohvandlik vositalarini yoqib yuborish yoʻli bilan yoʻq qilish tadbirida

    maxsus pech orqali quyidagi narkotik moddalari yoqib yuborildi.

    — 37 kg 567,58 gr geroin;

    — 184 kg 697,11 gr opiy;

    — 413 kg 834,34 gr gashish;

    — 28,58 gr koʻknor boshogʻi;

    — 95 kg 924,44 gr koʻknor somoni;

    — 11 kg 262,76 gr koʻknor oʻsimligi koʻsaklari,

    — 424 kg 708,92 gr marixuana oʻsimligi;

    — 961 kg 386,86 gr kannabis oʻsimligi;

    — 18,73 gr kannabis moyi;

    — 347,85 gr tetragidrokannabinol;

    — 6,48 gr kokain hamda turli xildagi psixtrop va psixofaol moddalar, sintetik giyohvandlik vositalari yoqib yuborildi.

    Maʼlumot oʻrnida, bojxona organlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda 2023-yilda amalga oshirilgan tadbirlar natijasida aniqlangan jami 785 ta holatda 9 tonna 179,4 kg giyohvandlik vositalari, 17 772 dona psixotrop moddalar, 827,3 gr prekursorlar hamda 197 594 dona va 109 kg 170,353 gr kuchli taʼsir qiluvchi moddalar musodara qilingan.