Tariflar 4 ta zonaga boʻlinadi — soatiga 5 ming soʻmdan 12 ming soʻmgacha. Poytaxt hokimligi koʻp qavatli va yoʻl boʻyidagi avtoturargohlar uchun joylarni oʻrganmoqda.
Toshkent shahrida 200 mingdan ortiq pullik avtoturargohlar tashkil etish rejalashtirilgan. Bu haqda 12-mart kuni poytaxt hokimligida boʻlib oʻtgan uchrashuvda “Toshkent Invest” kompaniyasi raisining raqamli transformatsiya va axborot texnologiyalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Aleksandr Gurko qildi.
Birinchi bosqichda yoʻl boʻyidagi avtoturargohlar uchun 13−14 ming oʻringa moʻljallangan 86 ta uchastkani foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Xususan, birinchi pullik avtoturargohlar sinov tariqasida mart oyida — ehtimol, Mirobod va Yakkasaroy tumanlarining ayrim koʻchalarida ishga tushiriladi. Joriy yilning iyul oyidan boshlab pullik avtoturargohlar ommaviy ravishda joriy etilishi kutilmoqda.
Gurko Toshkent shahar yagona parking axborot tizimini ishlab chiqish boʻyicha tenderdagʻolib chiqqan “Streetpark Systems” kompaniyasi hozirda mobil ilova yaratish ustida ish olib borayotganini taʼkidladi. U orqali haydovchilar poytaxtdagi avtoturargohlar uchun toʻlovlarni amalga oshirishlari mumkin boʻladi.
Uning soʻzlariga koʻra, pullik avtoturargohlar toʻrtta tarif zonasiga boʻlingan: soatiga 5, 8, 10 va 12 ming soʻm. Bunda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgandan soʻng eng yuqori tarif 30 ming soʻm etib belgilandi.
Pullik toʻxtash joylarini joriy etish orqali hokimlik tirbandliklarni kamaytirish va harakat tezligini oshirishni kutmoqda. Masalan, Said Baraka koʻchasining bir qismida 250 ta avtoturargoh tashkil etilmoqda.
Natijada tartibga solingan avtoturargoh tirbandlikni 18% ga kamaytirishi, oʻrtacha harakat tezligini 14% ga oshirishi (37 km/soatdan 42 km/soatgacha) va kommunal xizmatlar uchun qulay sharoit yaratishi prognoz qilinmoqda. Xuddi shunday hisob-kitob Toʻytepa koʻchasining 65 oʻrinli qismi uchun ham oʻtkazildi: tirbandliklar 20% ga kamayadi, oʻrtacha harakat tezligi esa 15% ga — soatiga 35 km.dan 40 km.gacha oshadi.
Avtoturargoh uchun toʻlovlarni nazorat qilish maxsus planshetlar va avtomobillar bilan joylarda tekshiruvchi videokuzatuv kameralari yordamida amalga oshiriladi. Toʻlov qilmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik faqat 2026-yildan boshlab joriy etilishi mumkin.
Bundan tashqari, Aleksandr Gurko Toshkentda koʻp qavatli avtoturargohlarni tashkil etish uchun joylar oʻrganilishini, ular odamlar gavjum nuqtalar, jumladan, bozorlar yaqinida qurilishini taʼkidladi. Shuningdek, avtotransport yoʻllariga yaqin joyda joylashgan avtoturargohlarni tashkil etish imkoniyati oʻrganilmoqda. Bu ishlarni 3 oyda yakunlab, natijalari boʻyicha taqdimot qilish rejalashtirilgan.
2024yilning mart oyida transport vaziri Ilhom Mahkamov Sergeli tumani va Chorsu bozori yaqinida koʻp qavatli avtoturargohlar qurilishi rejalashtirilayotganini maʼlum qilgandi. Toshkent shahrida 4 ta avtoturargoh qurish loyihasi davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi.