Toshkentda yil boshidan buyon YTH oqibatida necha kishi halok boʻlgani maʼlum qilindi

    Xavfsizlik 8 Dekabr 2021 1632

    2021-yil 7-dekabr kuni Toshkent shahar IIBB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan “DIQQAT PIYODA” shiori ostida aksiya oʻtkazilib, aksiya davomida yoʻl harakati ishtirokchilari bilan yoʻl-transport hodisalari sonini qisqartirishga qaratilgan tushuntirish suhbatlari oʻtkazildi, deya xabar beradi Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi.

    Joriy yilning 1-yanvar kunidan 30-noyabriga qadar poytaxtda piyodalar ishtirokida 524 ta yoʻl-transport hodisalari qayd etilgan boʻlib, natijada 32 kishi badan shikastlari tufayli hayotdan koʻz yumgan va yana 487 kishiga turli ogʻirlikdagi badan shikastlari yetgan.

    Bu kabi fojealar har doim ham haydovchilar aybi bilan sodir boʻlmaydi: baʼzida piyodaning oʻzi belgilangan qoidalarni buzib, yoʻlda kutilmagan omilga aylanmoqda. Shu sababli Toshkent shahar IIBB YHXB yoʻl-patrul xizmati xodimlari tomonidan profilaktik choralarga katta eʼtibor qaratilmoqda.

    Jumladan, 2021-yilning 11 oyi davomida yoʻl harakati qoidalarini buzgan piyodalarga nisbatan jami 101 861 ta maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Mazkur yoʻnalishdagi ishlar davom etmoqda, deyiladi xabarda.