Oliy Sud Matbuot xizmatining xabar berishicha, 2000-yilda tugʻilgan sudlanuvchi qiz Yangihayot tumanidagi mahalallarning birida yoʻldan oʻtib ketayotgan qizni haqorat qilgan. Shundan soʻng, ular janjallashib ketgan.

“U qiz qoʻshnim bilan turgan ekan. Ular bilan soʻrashganimda qiz menga “derzkiy” muomala qildi. Ketayotgan joyimdan orqaga qaytib, undan nega bunday muomala qilayotganining sababini soʻradim. U meni yomon gaplar bilan haqorat qildi. Juda zerikib qolibdi, borib urmoqchi boʻldim”, deydi sudlanuvchi qiz.

Shundan soʻng, u jabrlanuvchiga tosh otgan. Otilgan tosh esa jabrlanuvchiga emas, bezorilikni oldini olayotgan 1972-yilda tugʻilgan ayolga borib tekkan.

Sudlanuvchining aytishicha, uni jabrlanuvchi urayotgan vaqtida yiqilib, yuzi qonab ketgan. Uyiga qaytib kirganida, uning onasi qonni koʻrib, jahli chiqqan va jabrlanuvchining uyiga qizi bilan borgan. U yerda 23 yoshli qiz gultuvak, choynak-piyolalar va xonadon derazalarini sindirgan.

Maʼlum qilinishicha, bundan avval ham qiz ikki marotaba sudlangan.

Yangihayot tumani sudi tomonidan sudlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan 1 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo muddatini manzil-koloniyada oʻtash belgilandi.