25-fevral kuni oʻtkazilgan matbuot anjumanida Toshkent shahrining Yangihayot tumanida joylashgan 409 ta yogʻoch uy buziladi, deya maʼlum qildi tuman hokimi Hayot Inogʻomov.

Mazkur yogʻoch uylar 1966-yilgi zilziladan soʻng, vaqtincha foydalanish uchun tez fursatlarda qurilgan uylar hisoblanadi. Hokimning soʻzlariga koʻra, “tuman markazida 149 gektar hududda xavfsizlik talablariga javob bermaydigan ikki qavatli yogʻoch uylar mavjud”.

“Loyiha doirasida jami 409 ta avariya holatidagi uylar buziladi. Ulardagi 4314 ta xonadonda yashayotgan mulkdorlar uchun tuman markazidan yangi zamonaviy uylar qurish rejalashtirilgan”, — dedi Inogʻomov.

Tuman hokimligi matbuot xizmati xabariga koʻra, “yogʻoch uylar”ni buzish ulardagi aholi yangi uylarga koʻchirib oʻtkazilganidan soʻng boshlanadi.