Toshkentda 5 nafar talaba nomaʼlum moddadan zaharlanib, vafot etdi

    Nomaʼlum moddadan zaharlanish oqibatida Toshkent shahrida TATUning 3 nafar talabasi hamda 2 nafar Singapur instituti va Inxa universiteti talabalari vafot etdi.

    Toshkent shahrida 5 nafar talaba nomaʼlum moddadan zaharlanib vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.

    27-fevral kuni soat 20:50 larda Yunusobod tumani, Injobod koʻchasi, 61-uyda ijarada yashab kelgan TATU 2-bosqich talabalari M.U., R.S., D.Gʻ. va Singapur instituti 2-bosqich talabasi O.I. hamda “Inxa” universiteti 1-bosqich talabasi S. X., larning murdasi nomaʼlum moddadan oʻtkir zaharlanish alomatlari bilan topilgan.

    Holat yuzasidan Yunusobod tuman prokuraturasi tomonidan JKning 259-moddasi 2-qismi “a” bandi (Yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Sud tibbiyot ekspertizasining dastlabki xulosasiga koʻra, jabrlanuvchilarning oʻlimi nomaʼlum moddadan oʻtkir zaharlanish natijasida yuz bergan.

    Mazkur jinoyat ishi tergovi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan.