Toshkent shahrida koʻp qavatli uylarni shartnoma asosida muddatli toʻlov bilan sotgan IN-FIN-STORY INVEST va CREDIT HOUSE MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Katta miqdordagi firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar qildi.
Departament xabariga koʻra, tergov doirasida 800 nafar fuqaro jabrlanuvchi deb topilgan boʻlib, ularga yetkazilgan umumiy zarar 209 milliard 263 million soʻmni tashkil etgan. Hozirda ishga aloqador 5 nafar shaxsga nisbatan ayblov eʼlon qilinib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, polkovnik Ramazon Ashrapov boshchiligida tezkor shtab tashkil etilgan. Unda tegishli mutaxassislar jalb qilingan boʻlib, shtab IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti binosida faoliyat yuritmoqda. Ish kunlari har kuni soat 09:00 dan 21:00 gacha davom etadi.
Tergovni har tomonlama va toʻliq oʻtkazish maqsadida IN-FIN-STORY INVEST hamda CREDIT HOUSE MCHJ faoliyatidan jabrlangan fuqarolardan tezkor shtabga murojaat qilish soʻralmoqda. Manzil: Taras Shevchenko koʻchasi, 62. Telefon: (71) 231−31−45.