Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi hamkorligida poytaxtimizdagi birinchi jamoatchilik yashil parkida daraxt koʻchatlari ekish tadbiri boʻlib oʻtdi.
Poytaxtni koʻkalamzorlashtirish, yoshlarning ekologik madaniyatini oshirishga qaratilgan tadbirda davlat idoralari, jamoat tashkilotlari vakillari, ekologiya faollari, oliy taʼlim muassasalari talabalari, umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari ishtirok etdi. Aksiya davomida 300 tup daraxt koʻchatlari ekildi.
Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov jamoat parkida aholi dam olishi uchun barcha qulayliklar yaratilayotganligini taʼkidladi.
«Birinchidan, hududda hech qanday attraksion yoki oziq-ovqat shaxobchalari boʻlmaydi, shovqindan xoli parkka aylantiriladi.
Ikkinchidan, ilk bor 100 turdagi atirgul ekilmoqda va oʻziga xos atirgul bogʻi barpo qilinmoqda.
Uchinchidan, parkda tabiiy koʻl yaratiladi.
Toʻrtinchidan, qushlar uchun inlar quriladi.
Beshinchidan, jamoat parkining hamma yoʻlaklari toshlardan, oʻrindiqlari esa qurigan daraxtlardan, yaʼni toʻliq tabiiy materiallardan qilinadi.
Oltinchidan, hududda yil davomida ketma-ket gullaydigan oʻsimliklar ekiladi va bu parkning doimiy koʻrkam qiyofa kasb etishiga xizmat qiladi.
Yettinchidan, jamoat parkiga kirish mutlaqo bepul va istagan kishi hordiq chiqarishi mumkin boʻladi. Sakkizinchidan, parkda birorta ham chiqindi qutilari oʻrnatilmaydi, faqat parkka kirishda va chiqishda qoʻyiladi. Yaʼni dam oluvchilar chiqindilarini oʻzlari bilan olib ketishadi, jamoat parkiga chiqindi tashlash qatʼiy taqiqlanadi, bu esa hududning ekologik toza maskanga aylanishini taʼminlaydi.
Toʻqqizinchidan, park toʻliq Yevropa, jumladan, Yaponiya tajribasi asosida barpo qilinmoqda.
Oʻninchidan, parkda faqat mahalliy, oʻzimizning iqlimga mos daraxtlar ekilmoqda», — dedi Aziz Abduhakimov.
Maʼlumot uchun, birinchi yashil jamoat parki loyihasi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda. Toshkent shahri aholisi va mehmonlar uchun qulay ekologik muhit va madaniy hordiq chiqarishi uchun qulay sharoit yaratish hamda shaharning yashillik darajasini oshirish maqsad qilingan. Hudud maydoni 7,5 gektarga teng.
Xiyobonda 1200 tupdan ortiq daraxt va 23 000 tup buta, xususan, 208 tup shumtol, 160 tup zarang, 190 tup bandli eman, 137 tup yirik bargli joʻka, 46 tup lola daraxti, 177 tup qrim qaragʻayi, 52 tup arizon kiparisi, 23 tup sadaqayragʻoch, 38 tup majnuntol, 6 tup Kanada bagrannigi, 6 tup magnoliya, 50 tup yapon saforasi, 6 tup zarafshon archasi, 100 tup uzun bargli (oddiy) archa, 50 tup oq qayin va 20 tup chinor koʻchatlari ekish maqsad qilingan.
Shuningdek, 9 tup pissarda olxoʻrisi, 189 tup Suriya atirguli, 2370 tup lavanda, 2120 tup fotiniya, 260 tup sharq tuyasi, 26 tup hind sireni, 400 tup forzitsiya, 600 tup magoniya, 200 tup shtamb atirguli va 17460 tup har xil turdagi atirgul koʻchatlari ekiladi.
Daraxt va buta koʻchatlarini parvarishlash uchun sunʼiy suv havzasi hamda quyosh energiyasidan quvvatlanadigan yer osti qudugʻi tashkil etiladi.
Jamoat parkining ochilish marosimi bahor mavsumining keyingi oylariga moʻljallanmoqda.