Toshkentda birinchi Oʻzbekiston-Italiya taʼlim forumi oʻtkaziladi

    Joriy yilning 23-27-sentyabr kunlari Italiya oliy taʼlim muassasalari rektorlari delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Oʻzbekistonda boʻladi.

    Bu haqda «Dunyo« AA xabar berdi.

    Taʼkidlanishicha, Toshkent shahrida 24-sentyabr kuni birinchi Oʻzbekiston-Italiya taʼlim forumi oʻtkaziladi.

    Tadbirda Italiyaning Turin politexnika, Venetsiyaning Ka-Foskari, Bolonya, Piza, Bikokka Milan, Roma Tre, Tushsha va Siyena universitetlari kabi 20 dan ortiq yetakchi oliy oʻquv yurtlari, Oʻzbekiston tomonidan esa 46 ta yetakchi oliy taʼlim muassasalari rektor va prorektorlari ishtirok etadi.

    Forum doirasida ikki davlat universitetlari oʻrtasida bir qator qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirishga oid hamkorlik shartnomalari imzolanishi rejalashtirilgan.

    Oʻzbekiston-Italiya taʼlim forumi kun tartibidan talabalar va professor-oʻqituvchilar almashinuvi, pedagoglar malakasini oshirish, universitetlararo hamkorlik, ilmiy tadqiqot loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va sohaning boshqa muhim masalalari muhokamasi oʻrin olgan.

    Italiya tomoniga koʻra, Universitetlar va tadqiqotlar vaziri Anna Mariya Bernini ushbu tashrif davomida aniq natijalarga erishish va mazkur yoʻnalishda ikki davlat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishni asosiy maqsad sifatida belgilamoqda.