Toshkentda Birinchi xalqaro farmatsevtika forumi boʻlib oʻtmoqda

    Toshkentda Birinchi xalqaro farmatsevtika forumi oʻz ishini boshladi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

    Ushbu nufuzli anjuman davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash, ishlab chiqarish va eksport hajmini koʻpaytirish, yirik xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda yuqori salohiyatli loyihalarni amalga oshirish vazifalari ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilmoqda.

    Forum doirasida farmatsevtika sanoatini rivojlantirish istiqbollariga bagʻishlangan yalpi majlis oʻz ishini boshladi. Unda mamlakatimizda farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish, uning sarmoyaviy imkoniyatlari, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, qoʻshma korxonalar tashkil etish masalalari muhokama qilinmoqda.

    Qayd etilganidek, yurtimizda 2021-yilda 70,2 mln. dollarlik farmatsevtika mahsulotlari va xizmatlari eksporti amalga oshirildi. 2022-yilda bu koʻrsatkichni 103 mln. dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Joriy yilning I choragi yakuniga koʻra farmatsevtika korxonalarining eksport hajmi 18,6 mln. AQSH dollarni tashkil etdi.

    Shuningdek, oʻtgan yili mamlakatimizga 1283,8 mln. dollarlik farmatsevtika mahsulotlari va xizmatlari import qilingan. Shundan asosiy qismi COVID-19ni davolashda qoʻllaniladigan dori vositalari hissasiga toʻgʻri toʻgʻri keldi. 2021-yil investitsiya dasturiga kiritilgan 36 ta investitsiyaviy loyiha doirasida 97,5 mln. dollarlik sarmoyalar oʻzlashtirildi hamda umumiy qiymati 70,7 mln. dollarlik 13 ta loyiha ishga tushirilishi natijasida 862 ta yangi ish oʻrni yaratildi. 2022-yilda Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tomonidan jami 102 mln. dollarlik investitsiya mablagʻlari oʻzlashtirilishi belgilangan.

    Forum davomida Oʻzbekistonda qoʻllash uchun qulay boʻlgan aniq investitsion loyihalar va keyslar, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan samarali chora-tadbirlar, faoliyati xorijiy bozorlarga yoʻnaltirilgan ishlab chiqaruvchilarni amaliy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar taqdimoti oʻtkaziladi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.