Toshkentda Birinchi xalqaro farmatsevtika forumi ochildi

    Mamlakatimizda 15 Iyun 2022 1763

    Joriy yil 15-iyunda “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, shuningdek Xorijiy farmatsevtika kompaniyalari va ishlab chiqaruvchilarining Oʻzbekiston Respublikasidagi vakolatxonalari Assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan Birinchi xalqaro farmatsevtika forumi oʻz ishini boshladi.

    Forum mahalliy farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash, farmmahsulotlarni mahalliylashtirish va eksport qilish hajmini oshirish, Oʻzbekistonda qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun xorijiy kompaniyalarni jalb etishga qaratilgan. Tadbir mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar, sohani tartibga soluvchi organlari, sotuvchi tashkilotlar va farmatsevtika bozori mutaxassislari oʻrtasida eng yaxshi tajriba va amaliyot, innovatsion uslub va texnologiyalar almashinuvi uchun platformaga aylanishga moʻljallangan.

    Forumning ochilish marosimida soʻzga chiqqan maʼruzachilar taʼkidlashicha, soʻnggi 5 yil ichida mamlakatimizda mazkur tarmoqda qiymati qariyb 500 million dollarlik 100dan ortiq investitsiya loyihalari ishga tushirildi, ularning 65 tasi xorijiy investorlar ishtirokida tashkil etilgan. Buning natijasida farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2,5 barobar, eksport hajmi esa qariyb 5 barobar oshdi. 7 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratildi. Maʼlum qilinishicha, 2026-yilga borib farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 3 barobarga oshirish hamda Oʻzbekiston bozorida mahalliy dori vositalari ulushini 80 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

    Mahalliy farmatsevtika sanoatini rivojlantirishda koʻp yillik ofteyk-shartnomalari (oldindan kelishilgan shartlar asosida kelajakda ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan mahsulotlarni sotib olish shartnomasi) asosida kafolatli sotib olish tizimini joriy etish, erkin iqtisodiy va farmatsevtika zonalarini yaratish, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etish, xususan, klinik sinovlarini oʻtkazish, transport xarajatlarini qoplash uchun milliy farmatsevtika korxonalariga subsidiyalar ajratish, xorijiy mamlakatlarda mahsulotlarni roʻyxatdan oʻtkazish va sertifikatlash, shuningdek, GMP (Samarali ishlab chiqarish amaliyoti), GDP (Mahsulotlarni samarali tarqatish amaliyoti) va GPP (Yaxshi dorixona amaliyoti) xalqaro sifat standartlarini hayotga tatbiq etish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash tendensiyalari kuzatilayotganligi taʼkidlandi.

    Forumda 100 dan ortiq yetakchi mahalliy va xorijiy farmatsevtika kompaniyalari vakillari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, xorijiy diplomatik vakolatxonalar, shuningdek yirik dorixona tarmoqlari va distribyutorlar vakillari ishtirok etyapti. Tadbir doirasida Oʻzbekiston farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish, uning investitsiyaviy va sanoat salohiyatidan samarali foydalanish, qoʻshma korxonalarni tashkil etish istiqbollari, shuningdek farmatsevtika sohasida intellektual mulkni himoya qilish choralari koʻrib chiqiladi. Shuningdek, ishtirokchilar pandemiyaning tarmoq rivojiga taʼsiri hamda koviddan keyingi davrda farmatsevtika sanoatining rivojlanishidagi tendensiyalarini muhokama qiladilar.

    Hamkorlar, xorijiy biznes vakillari va Forum mehmonlari eʼtiboriga mahalliy va mintaqaviy bozorlarda yuqori talabga hamda qoʻshilgan qiymatga ega boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan aniq investitsiyaviy takliflar boʻyicha taqdimotlar havola etildi.

    Maʼlumot uchun: hozirgi kunda Oʻzbekistonda 221 farmatsevtika ishlab chiqarish korxonasi faoliyat koʻrsatadi, 140 dorixona dori – darmon ishlab chiqarishga, 616 tashkilot – farmatsevtika mahsulotlarini ulgurji sotishga hamda 15 790 dorixona va ularning filiallari dori-darmon va tibbiy mahsulotlarning chakana savdosiga ixtisoslashgan. 2021-yilda mahalliy korxonalar tomonidan 3,8 trillion soʻmlik farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarildi, ishlab chiqarish hajmi esa 2020-yilga nisbatan 20 foizga oshdi.

    Forum 15 va 16-iyun kunlari oʻz ishini davom ettiradi. 17-iyunda Samarqand shahrida Savdo-sanoat palatasi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan atoqli oʻzbek olimi Abu Ali ibn Sinoning merosini aks ettiruvchi “Avicenna Heritage” deb nomlangan dorivor oʻsimliklar mahsulotlarining Birinchi xalqaro koʻrgazmasi tashkil etiladi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.