Toshkentda “Biz botanika bogʻi tozaligi tarafdorimiz!” aksiyasi oʻtkazildi

    Joriy yil 21-aprelda “Yuksalish” harakati va Botanika bogʻi xodimlari ekolog faollar, NNTlar vakillari bilan hamkorlikda hamda Golden House, Huawei va GROSS kompaniyalari koʻmagida “Biz Botanika bogʻining tozaligi tarafdorimiz!” aksiyasi tashkil etildi.

    Botanika bogʻiga koʻplab insonlar shahar shovqinidan dam olish, yashillikdan bahramand boʻlish uchun keladi. Biroq tozalikka rioya qilmaslik, hududda chiqindilarni qoldirib ketish holatlari uchrayapti.

    Aksiyadan maqsad – chiqindi muammosiga eʼtibor qaratish va Botanika bogʻining ahamiyatini eslatish. Bu chiqindi tashlaydigan joy emas, balki ilmiy majmuadir.

    Aksiyani maktab oʻquvchilari, talabalar, volontyorlar ham qoʻllab-quvvatladi. Eng faol ishtirokchilarga eko aksiya shiori yozilgan sumkalar va esdalik sovgʻalari topshirildi.

    — Botanika bogʻini chiqindidan tozalash aksiyasining tashkil etilgani nafaqat yashil hudud qiyofasini yaxshilashga, balki ekotizimni saqlashga ham yordam beradi. Botanika bogʻi toza boʻlsa, bu — nafaqat goʻzallik, balki poytaxt aholisi va tashrif buyuruvchilari uchun salomatlik, toza havo demakdir. Qolaversa, aksiya ishtirokchilarda ekologik masʼuliyatni oshirishga ham yordam beradi. Shuningdek, ushbu tadbir doirasida Botanika bogʻida harakatlanish qoidalari aks ettirilgan axborot belgilari ham yangilandi, – dedi “Yuksalish” harakatining Fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik boʻlimi boshligʻi Saida Mustafoyeva.

    — Biz Botanika bogʻi hududida juda koʻp plastmassa idishlar borligini koʻrdik, ular tabiatga juda zararli. Bugun aksiyada qatnashib, bogʻ hududini ushbu chiqindilardan tozalashga hissa qoʻshdik. Bogʻ xodimlaridan ham minnatdormiz, ular daraxtlar haqida maʼlumotlar berdilar, shuningdek, bu yerga tashrif buyuruvchilar keltirishi mumkin boʻlgan ziyonlar haqida gapirdilar. Tadbir nafaqat ekologik, balki maʼrifiy ahamiyatga ega boʻldi, — dedi IT Community of Uzbekistan vakili Valentina Ustinova.

    Atrof-muhitga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish muhim, shuningdek, shahrimizning tabiatini asrab-avaylashda birgalikda harakat qilish zarur.

    Maʼlumot uchun: Botanika bogʻida 4 500 dan ortiq turdagi daraxtlar, gullar va boshqa oʻsimliklar mavjud. Bu yerda Markaziy va Sharqiy Osiyo, Shimoliy Amerika va Yevropa, Kavkaz va Uzoq Sharq florasining xilma-xilligini aks ettiruvchi bir nechta landshaft zonalari bor. Bu – oilaviy, jamoaviy sayr qilish uchun ajoyib joy, lekin tabiat uchun masʼuliyatni ham unutmaslik kerak.

    “Yuksalish” harakati matbuot xizmati.