Toshkentda bogʻcha bolasini kaltaklagan tarbiyachiga chora koʻrildi

    Bolalar ombudsmaniga Toshkent shahrida yashovchi fuqaro bogʻcha tarbiyachisi farzandini kaltaklagani boʻyicha murojaat qildi.

    Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.

    Qayd etilishicha, bolaning ota-onasi 2021-yilda tugʻilgan farzandi xususiy maktabgacha taʼlim muassasasida tarbiyalanishini, shu yilning 29-iyun kuni navbatchi tarbiyachi Sh.K. (ayol) farzandini urib, haqoratlagani boʻyicha murojaat qilgan

    Maʼlumotlarga koʻra, I.N. ning aytishicha, holat yuzasidan muassasa mudirasiga murojaat qilib, videotasvir nusxasini olmoqchi boʻlganida mudira tomonidan ruxsat berilmagan va tarbiyachiga nisbatan hech qanday chora koʻrilmagan.

    Bolalar ombudsmanining Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga soʻrovi asosida mazkur holat vazirlik mutasaddilari tomonidan oʻrganildi.

    Oʻrganish natijasida bogʻcha tarbiyachisi Sh.K. ga nisbatan “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qoʻllanildi.

    Shuningdek, muassasaning keyingi faoliyati davomida bolalarga tazyiq holatlariga yoʻl qoʻymaslik ustidan vazirlik tizimli nazorat qilishi bildirildi.