“Toshshahartransxizmat” AJ axborot xizmatining maʼlum qilishicha, taxminan soat 16:56 larda 55-avtobus haydovchisi I.A. (1970-yilda tugʻilgan, mehnat staji — 35-yil, korxonada ish staji — 1,5-yil) Sergeli tumani Xonobod koʻchasi boʻylab harakatlanib kelib, temir yoʻl kesishmasida poyezd oʻtayotgani sababli avtobusni toʻxtatib turgan.
Shu vaqtda uning orqasida toʻxtab turgan “12-avtobus saroyi” filialiga tegishli 126-avtobus haydovchisi E.R. (1988-yilda tugʻilgan, mehnat staji — 17-yil, korxonada ish staji — 1-yil) avtobusni qoʻl tormoziga qoʻymasdan pastga tushib, avtobus oldiga oʻtgan. Avtobus oʻz inersiyasi bilan oldinga siljib, haydovchi E.R.ni qisib qolgan va ushbu holat ogʻir oqibatli baxtsiz hodisaga sabab boʻlgan. Afsuski, haydovchi E.R. voqea joyida vafot etgan.
Maʼlum qilinishicha, mazkur baxtsiz hodisa “12-avtobus saroyi” filiali haydovchisining ehtiyotsizligi oqibatida sodir boʻlgan.
Ayni paytda hodisa yuzasidan materiallar IIBB Tergov boʻlimi tomonidan rasmiylashtirilgan.








