Bugun, 1-iyul kuni Yakkasaroy tumanidagi “Usmon bin Maʼzun” masjidiga juma namozini oʻqish uchun kelgan fuqarolar xavfsizligini taʼminlash va jamoat tartibini saqlash uchun tuman IIO FMB xodimlari va Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari jalb qilingan.
Taxminan soat 12:45 larda Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari tomonidan xavfsizlik yuzasidan masjidga kirayotgan fuqarolarning yonida boʻlgan buyumlari tekshirilgan vaqtda 1996-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan fuqaro R.M.ning qoʻlida boʻlgan qora rangli “barsetka”sining ichida “toʻq yashil” rangdagi pnevmatik qurol va ovoz soʻndirgich borligi aniqlangan.
Bundan tashqari unga tegishli boʻlgan “Instagram” ijtimoiy tarmogʻida taqiqlangan turli video materiallarni joylash orqali, oʻzining obunachilariga havola qilib kelganligi maʼlum boʻlgan.
Hozirda har ikkala holat yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilib, sud texnik va adabiyotshunoslik ekspertizalariga taqdim qilish choralari koʻrilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari DXX xodimlari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.









