Toshkentda Eronning SHHTga kirishi tartibi kelishib olindi

    Xalqaro hamkorlik 11 Mart 2022 1547

    2022-yil 11-martda Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar va Eron Islom Respublikasi vakolatli vakillarining maslahatlashuvlari yakunlari boʻyicha Protokolni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi. Hujjatda Eron tomonining SHHTga aʼzo davlat maqomini olish boʻyicha majburiyatlari toʻgʻrisidagi Memorandum loyihasi maʼqullandi.

    Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Vladimir Norov, SHHTning doimiy faoliyat yurituvchi tuzilmalari rahbarlari, aʼzo davlatlarning milliy koordinatorlari, shuningdek, Xitoy va Eronning Toshkentdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari hamda xodimlari ishtirok etdi.

    Protokolning imzolanishi oʻtgan yili SHHTning Dushanbe sammitida sakkiz davlat rahbarlarining Eronni Tashkilotga aʼzolikka qabul qilish tartibini boshlash toʻgʻrisidagi qarorini roʻyobga chiqarish yoʻlida muhim amaliy qadam boʻldi.

    Hujjat Eron tomoni aʼzo boʻlganidan keyin SHHT Xartiyasi, xalqaro shartnomalar va Tashkilot doirasida qabul qilingan hujjatlarning maqsad va tamoyillariga rioya qilish, aʼzo davlatlar bilan doʻstona va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish hamda SHHTning xalqaro va mintaqaviy masalalardagi nufuzini oshirishga oʻz hissasini qoʻshishga tayyorligidan dalolat beradi.

    Mazkur jarayonning navbatdagi bosqichi joriy yil sentyabr oyida Samarqandda boʻlib oʻtadigan SHHT sammiti doirasida Majburiyatlar toʻgʻrisidagi memorandumni imzolash va ushbu majburiyatlarni bajarish boʻladi. Shundan soʻng tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlari Eronga SHHTga aʼzo davlat maqomini berish masalasini koʻrib chiqadi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Vladimir Norov oʻz nutqida Eron 2005-yildan buyon kuzatuvchi davlat sifatida SHHT faoliyatida ishtirok etib kelayotganiga eʼtibor qaratdi. Mamlakat mintaqaviy xavfsizlik masalalari boʻyicha asosiy organlar yigʻilishlarida va maslahatlashuvlarda muntazam ishtirok etadi. Xususan, Eron Islom Respublikasining vakolatli tuzilmalari SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi bilan amaliy aloqalarni oʻrnatgan va olib boryapti.

    “Eron kabi davlatning SHHTga kirishi Tashkilotning “geografik masʼuliyat” hududini kengaytiradi, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochadi. Tashkilotimiz Yevroosiyo makonida keng transkontinental hamkorlik sari ishonch bilan bormoqda. Bu, shubhasiz, mintaqaviy va global kun tartibidagi dolzarb masalalarga yangicha qarash imkonini beradi”, — dedi Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari V.Norov.

    Marosimda videokonferensaloqa shaklida ishtirok etgan SHHT Bosh kotibi Chjan Ming ushbu tadbirni tashkil etgani uchun SHHTga raislik qilayotgan Oʻzbekiston tomoniga, Eronni SHHTga aʼzolikka qabul qilishga qaratilgan kelishuv hujjatlari boʻyicha tizimli muvofiqlashtirilgan ishlar uchun barcha tomonlarga minnatdorlik bildirdi.

    Maslahatlashuvlarda soʻzga chiqqan delegatsiyalar Oʻzbekiston tomonining SHHTga raislik doirasidagi saʼy-harakatlarini, jumladan, Tashkilotning xalqaro roli va nufuzini yanada mustahkamlash yoʻlidagi ishlarini ijobiy taʼkidladilar, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.