Toshkentda “Euronews” telekanali ofisi ochildi

    “Euronews” telekanali — 13 tilda namoyish etiladigan 24 soatlik xalqaro yangiliklar platformasi hisoblanadi. Bugungi kunda dunyoning 12 mamlakatida “Euronews” vakolatxonalari faoliyat yuritmoqda.

    Poytaxtimizdagi “InterContinental Tashkent” mehmonxonasida “Euronews” telekanalining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi ochilishiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Bu haqda Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi maʼlum qildi.

    Tadbirda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov, “Euronews” rahbari Pedro Vargas David soʻzga chiqib, Prezidentimiz tomonidan media sohaga qaratilayotgan alohida eʼtibor, hamkorlik yoʻnalishlari, bu borada kelgusida amalga oshiriladigan ishlar boʻyicha soʻz yuritdi.

    Tadbir doirasida “Euronews” telekanali muxbirlari tomonidan Oʻzbekistonda kechayotgan yangilanish jarayonlari, islohotlar, keng qamrovli oʻzgarishlarga oid videoreportajlardan lavhalar bilan tanishish imkoni yaratildi.

    Sanʼatkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar tadbirga oʻzgacha koʻtarinkilik baxsh etdi.

    Maʼlumot uchun, “Euronews” telekanali — 13 tilda namoyish etiladigan 24 soatlik xalqaro yangiliklar platformasi hisoblanadi. Bugungi kunda dunyoning 12 mamlakatida “Euronews” vakolatxonalari faoliyat yuritmoqda.