Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (“Tovlamachilik”), 168-moddasi (“Firibgarlik”) bilan tergov qilinayotgan jinoyat ishi doirasida 1993-yilda tugʻilgan Abdumalikov Toxirjon Abdugappor oʻgʻli jinoyat sodir etganlikda gumonlanib ushlangan. Unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllangan.
Oʻtkazilgan tergov harakatari davomida aniqlanishicha, ushbu shaxs fuqarolarga foiz evaziga pul berib, qarz olgan shaxsning nomida boʻlgan turar-joy va transport vositalarini garov evaziga oʻzining nomiga rasmiylashtirib olgan.
Fuqarolar belgilangan muddatda qarz va foizlarini bermagan taqdirda uy-joydan oilasi bilan chiqarib yuborish va transport vositasini tortib olish bilan shugʻullanib kelgan. Vaholanki, garovga qoʻyilgan mulk miqdori foiz evaziga berilgan pul mablagʻidan 3-4 barobar koʻp boʻlgan.
“Hurmatli fuqarolar agar Siz ushbu shaxsdan jabr koʻrgan boʻlsangiz yoki ushbu shaxsning jinoiy xatti-harakatlari boʻyicha biror maʼlumotga ega boʻlsangiz Toshkent shahar IIBBning 71-206-45-69, 71-206-49-46 yoki 102 raqamlariga yoxud 99-370-73-94 telegram raqamiga murojaat qilishingizni soʻraymiz. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi”, deyiladi xabarda.