Holat boʻyicha, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi maʼlumot berdi.
Maʼlum boʻlishicha, Toshkent shahrining Yashnobod tumanida yashovchi fuqaro A.X. oʻzida 3 kun davomida isitma, holsizlik kuzatilgandan soʻng, uy sharoitida davolanish maqsadida shifokor tavsiyasisiz, oʻzboshimchalik bilan “Seftrakson” va “Lidokain” dori vositalari aralashmasini onasi yordamida mushak orasiga qabul qiladi. Oradan chamasi 10 daqiqa oʻtgach, bemorda badan qaqshashi, kuchli holsizlik, nafas siqishi va qon bosimining meʼyoridan oshib ketishi kuzatiladi.
Shundan soʻng fuqaro “Tez yordam” mashinasida dislokatsiya boʻyicha dastlab I.Ergashev nomli 4-son shahar klinik shifoxonasi, keyin esa ixtisoslashgan yordam koʻrsatish maqsadida Ibn Sino nomli 1-son shahar klinik shifoxonasiga olib kelinib, standart boʻyicha davo choralari qoʻllaniladi.
Bajarilgan muolajalar natijasida bemorda toshmalar, isitma, holsizlik kabi simptomlar bartaraf etilib, fuqaroning ahvoli yaxshilangandan keyin uyiga javob beriladi.
Dastlabki oʻrganishlar bemorda kuzatilgan nojoʻya reaksiya mazkur dori vositasining sifati bilan bogʻliq emasligini koʻrsatmoqda.
Ushbu preparat qonunda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasida davlat roʻyxatidan oʻtgan hamda laborator tekshiruvlar natijasida sertifikatlashtirilib, tibbiyot amaliyotida qoʻllash uchun ruxsat etilgan. Shunga qaramasdan, bemordan qabul qilib olingan preparatlar ayni damda Markaz laboratoriyalarida qayta tekshiruvdan oʻtkazilmoqda.
Eslatib oʻtmiz, “Seftrakson” dori preparati keng taʼsir doirasiga ega boʻlgan antibiotiklar oilasining uchinchi avlodiga mansub boʻlib, u bakterial infeksiyalarni davolashda qoʻllaniladi.
Lekin shamollash, gripp va boshqa virusli infeksiyalar muolajasida taʼsir koʻrsatmaydi. Bu preparat shifokor retsepti asosida beriladi va shifokor nazorati ostida qoʻllaniladi. Undan uy sharoitida oʻzboshimchalik bilan foydalanish mutlaqo mumkin emas, — deyiladi xabarda.