Joriy yilning 5-avgust kuni Qo‘yliq bozorida Toshkent shahar IIBB patrul-post xizmati xodimi mast holatda skuterda bozor bo‘ylab harakatlanayotgan fuqaroni to‘xtatgan vaqtda fuqaro PPX xodimining qonuniy talabiga agressiv munosabatda bo‘lib, yonida bo‘lgan otvyortka bilan xodimning bel sohasiga urib voqea joyidan yashiringan. Bu haqda Milliy gvardiya Axborot xizmati xabar berdi.

Qo‘yliq bozori hududida jamoat tartibini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi voqeadan xabar topib, darhol ushbu shaxsni qo‘lga olish choralarini ko‘rgan.

Bir necha daqiqadan so‘ng, Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi gumonlanuvchi fuqaroni qo‘l jangi uslubi bilan qurolsizlantirgan holda qo‘lga olgan va Bektemir tumanining 4-sonli IIB bo‘limiga olib borib topshirgan.

Dastlabki surishtiruv davomida ushbu shaxs Samarqand viloyatida tug‘ilgan 47 yoshli fuqaro A.R. ekani, ilgari og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgani uchun bir necha bor jinoiy javobgarlikka tortilgani va 2016 yilda ozodlikka chiqqani ma’lum bo‘lgan.

Ushbu holat bo‘yicha IIO tomonidan JKning 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Fuqaro A.R. gumonlanuvchi sifatida protsessual tarzda hibsga olingan. Jabrlangan xodim hozirda shifoxonada, shifokorlar uning ahvolini qoniqarli deb baholamoqda.