Toshkentda fuqarolarning bank kartalaridan pul oʻgʻirlagan jinoiy guruh fosh etildi

    Xavfsizlik 15 Iyul 2025 570

    Ular “Telegram” orqali zararli fayllarni tarqatib fuqarolarning 1 milliardga yaqin pullarini oʻmargan.

    Ichki ishlar vazirligining xabar berishicha, jinoiy guruh aʼzolari “Android” qurilmalari uchun moʻljallangan va “Telegram” messenjeri orqali tarqatiladigan “.apk” formatidagi zararli fayllar yordamida foydalanuvchilarning telefonlaridagi SMS-xabarlar, kontaktlar, qoʻngʻiroqlar tarixi va boshqa maʼlumotlarga kirish huquqiga ega chiqishgan.

    IIV, Tezkor-qidiruv departamenti, Kiberxavfsizlik markazi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida guruh aʼzolari turli davlat fuqarolari ekani maʼlum boʻlgan.

    Ular “Telegram”da virusni oʻz telefoniga oʻrnatgan fuqarolarning bank kartalari maʼlumotlari, shuningdek, bogʻlangan telefon raqamlariga kelgan SMS-tasdiqlash kodlari saqlanadigan yopiq guruhni yaratgan.

    Maʼlum boʻlishicha, gumonlanuvchilarning telefon raqamlari koʻzdan kechirilganda, 177 ta bank kartasidan qariyb 1 milliard soʻm mablagʻ oʻgʻirlangani aniqlangan.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan JKning 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchilar ushlangan, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.